Toshkent aeroportida xorijiy yo‘lovchi 6,3 kg “marixuana” bilan qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
13 aprel 2745 1 daqiqa
Toshkent aeroportida 6,3 kg “marixuana”ni olib kirishga uringan xorijiy yo‘lovchi to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tailandning Bangkok shahridan uchib kelgan xorijiy yo‘lovchilardan biriga tegishli qo‘l yuki va bagajlari bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Natijada yuklar orasida turli qadoqlar ichida 12 dona polietilen o‘ramlar yashirilgani aniqlangan.
Belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ushbu o‘ramlar ochib ko‘rilganida, ularning ichidagi yashil rangdagi o‘tkir hidli modda Markaziy bojxona laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, 6,3 kilogrammdan ziyod og‘irlikdagi quritilgan “marixuana” ekanligi ma’lum bo‘lgan. Mazkur modda esa O‘zbekistonda muomalasi taqiqlangan giyohvandlik vositasi hisoblanadi.
Bildirilishicha, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma’lumot uchun, “Toshkent-Aero” IBK tezkor tuzilmalari va bojxona postlari xodimlari tomonidan joriy yilning dastlabki choragida aniqlangan 15 ta holatda salkam 30 kg og‘irlikdagi giyohvandlik vositalarining, shu jumladan sintetik narkotiklarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan. Olib qo‘yilgan giyohvandlik vositalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 kilogrammga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent aeroportida 9 ming dollar o‘g‘irlagan chet ellik shaxs qo‘lga olingan edi.
Live
Barchasi