“Tirik qolishimga umid qilaman”. Nadejdin saylovoldi kampaniyasini to‘xtatdi

Olam

image

Rossiyalik siyosatchi Boris Nadejdin Davlat dumasi sayloviga qaratilgan saylovoldi kampaniyasini to‘xtatganini e’lon qildi. Uning aytishicha, “yuzlab imzolar” to‘plangan bo‘lsa-da, ular saylov komissiyasiga topshirilmaydi. Bu haqda “Forbes” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Nadejdin bu qarorini o‘zini qo‘llab-quvvatlayotganlarni xavf ostida qoldirishni istamasligi bilan izohlagan. Siyosatchining aytishicha, unga qarshi turli davlat idoralari tomonidan bosim o‘tkazilmoqda.

“Menga qo‘lidan kelgan har kim hujum qildi: Adliya vazirligi meni xorijiy agent deb e’lon qildi, Ichki ishlar vazirligi va sud meni ekstremizm targ‘ibotchisi deb topdi, Sud ijrochilari federal xizmati xorijga chiqishimni taqiqladi, Omonatlarni sug‘urtalash agentligi va arbitraj sudi esa meni bankrot deb topdi”, deydi u.

Nadejdinning so‘zlariga ko‘ra, “xorijiy agent” maqomining berilishi hamda ekstremizmga oid modda bo‘yicha aybdor deb topilishi amalda uning Davlat dumasiga saylanish imkoniyatini qonunan istisno qiladi. Shu bilan birga, u Rossiyada qonuniy asosda muxolifat siyosati bilan shug‘ullanish imkoniyatini faqat vaqtincha yo‘qotganiga umid bildirgan.

Nadejdinning aytishicha, saylov hisobiga tushgan mablag‘lar imzo to‘plovchilar va saylov shtablari xodimlari bilan hisob-kitob qilishga sarflanadi.

“Endi qanday yashashim haqida o‘ylab ko‘rishim kerak. Tirik va ozod qolishimga umid qilaman”, degan siyosatchi.

Ma’lumot uchun, Rossiya Adliya vazirligi 10 iyul kuni Nadejdinni “xorijiy agent”lar ro‘yxatiga kiritgan. Bir necha kun o‘tgach, u politsiya tomonidan olib ketilganini ma’lum qilgan. Keyinchalik, sud uni ekstremistik tashkilot ramzlarini namoyish etganlikda aybdor deb topib, 1 ming rubl jarima tayinladi.

Siyosatchining advokati Dmitriy Truninning bildirishicha, ish Aleksey Navalniy ishtirok etgan videoga havola Nadejdinning ijtimoiy tarmoqlarida joylashtirilgani bilan bog‘liq.

16 iyul kuni esa Nadejdin unga xorijga chiqish taqiqlangani haqida qaror berilganini ma’lum qildi va bu qaror ustidan shikoyat qilishini aytdi. TASS ma’lumotiga ko‘ra, sud ijrochilari undan qariyb 1,5 million rubl qarz undirish ishlarini olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, Nadejdin 2024 yilda ham Rossiya prezidentligiga nomzod bo‘lishga uringan edi. Biroq Markaziy saylov komissiyasi uning nomzodini qo‘llab-quvvatlash uchun yig‘ilgan imzolarning 15 foizdan ortig‘i haqiqiy emas deb topib, uni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etgan. Keyinchalik Rossiya Oliy sudi mazkur qarorni qonuniy deb topgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing