Texasda toshqinlar oqibatida kamida 24 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
05 iyul 2117 2 daqiqa
Shu kunlarda AQSHning Texas shtatida kuchli jala yomg‘iri tufayli yuzaga kelgan suv toshqinlari oqibatida kamida 24 kishi halok bo‘ldi. Halok bo‘lganlar orasida bolalar ham bor. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, yana 25 kishi bedarak yo‘qolgan. Yo‘qolganlarning taxminan 23 nafari Camp Mystic – qizlar uchun mo‘ljallangan yozgi oromgohining dam oluvchilari bo‘lgan.
Aholini qutqarish va evakuatsiya qilish uchun vertolyotlar hamda taktik harbiy texnikalar jalb etilgan. Texas Milliy gvardiyasi boshlig‘i Tomas Syulserning so‘zlariga ko‘ra, favqulodda xizmat xodimlari jami 237 kishini qutqargan.
“Sky News”ning yozishicha, mahalliy sudya Rob Kelli suv toshqini oqibatida odamlar halok bo‘lganini tasdiqlagan, biroq ko‘pchilik jasadlar hozircha aniqlanmaganini aytgan.
“Biz bu odamlarning shaxsini aniqlashga harakat qilyapmiz, ammo hozircha bunga erisha olmayapmiz”, deydi u.
Rasmiylarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida bolalar ham bor. Ular suv toshqini boshlangan vaqtda yozgi oromgohdagi 700 nafardan ortiq odamning orasida bo‘lgan. Rasmiylar qurbonlar soni o‘zgarishi mumkinligini, chunki qidiruv ishlari hali davom etayotganini bildirgan.
Qayd etish joiz, Texasda suv toshqinlari muntazam ravishda ro‘y berib turadi va ular shtatdagi eng keng tarqalgan hamda vayronkor tabiiy ofatlardan biri hisoblanadi. Masalan, 2022 yil avgust oyida ham Dallas–Fort-Uert shahrida jala yog‘inlari tufayli ko‘chalar, uylar va avtomobillar suv ostida qolgan, oqibatda odamlar halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonda kuzatilgan kuchli yomg‘ir va suv toshqinlari oqibatida kamida 45 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi. Eng ko‘p qurbonlar Xayber-Paxtunxva viloyatida qayd etilgan. U yerda 21 kishi, jumladan 10 nafar bola vafot etgan. Shimoli-sharqdagi Panjob viloyatida 13 kishi halok bo‘lgan, yana 11 kishi Sind va Balujiston viloyatlarida qurbon bo‘lgan. Ayrim kishilar tabiiy ofat oqibatida binolar qulab tushishi sababli vafot etgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr