Tbilisida Alisher Navoiy haykali ochildi

Jamiyat

image

Bugun, 3 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Tbilisi shahrida o‘zbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Alisher Navoiyning merosi nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun insoniyat boyligidir. Hayotning o‘ziga xos ensiklopediyasiga aylangan hazrat Navoiyning asarlari ko‘plab avlodlarni ilhomlantirib kelmoqda, tadqiqotchilar, adabiyot ixlosmandlari hamda Sharqning boy ma’naviy dunyosini chuqurroq anglamoqchi bo‘lgan barcha insonlar uchun bilim manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

“Tbilisi shahrida Alisher Navoiy haykalining ochilishi O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi madaniy aloqalar tarixida yana bir muhim voqea bo‘ldi. Xalqlarimizni azaldan savdo yo‘llari, do‘stlik va o‘zaro hurmat rishtalari bog‘lab kelgan, bir-birimizning boy madaniy merosimizga qiziqishimiz katta”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, xabarda O‘zbekistonda buyuk gruzin shoiri Shota Rustaveli ijodi chuqur hurmat qilinishi va qadrlanishi qayd etilgan. Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biri uning nomi bilan atalgan, gruzin mumtoz adabiyotining buyuk namoyandasiga haykal o‘rnatilgan. O‘z navbatida, o‘tgan yilda Tbilisi markaziy bog‘laridan biriga Alisher Navoiy nomi berilgan.

“So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Tbilisi shahrida O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari, Toshkent shahrida esa Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, marosimda Alisher Navoiy jahon adabiyotining buyuk namoyandasi ekani, uning bebaho ijodi asrlar davomida odamlarni insonparvarlik, ma’rifat, tafakkur va o‘zaro hurmatga chorlab kelayotgani ta’kidlangan.

Tbilisi shahridagi Alisher Navoiy haykali O‘zbekiston va Gruziya xalqlari o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan do‘stlik rishtalarining yana bir yorqin ramzi bo‘lishiga ishonch bildirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev ayni paytda davlat tashrifi bilan Gruziyada bo‘lib turibdi. Kecha, 2 iyul kuni Tbilisi shahridagi Orbeliani saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining muzokaralari bo‘lib o‘tgandi. Shuningdek, Tbilisi shahridagi tadbirlar doirasida Shavkat Mirziyoyevni Gruziyaning oliy davlat mukofoti – “Oltin mo‘yna” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, bugun, 3 iyul kuni Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan tor doirada va ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston Respublikasining Gruziyadagi elchixonasini ta’sis etish to‘g‘risida qaror ham qabul qilingan. Bundan tashqari, tor doirada va ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing