Tanzila Norboyeva Parlament ayollari forumiga prezident etib saylandi
Jamiyat
−
05 aprel
2865Bugun, 5 aprel kuni Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi doirasida Parlament ayol a’zolari forumining 39-sessiyasi boshlandi. Forumda mazkur sessiya prezidenti etib O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva saylandi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbirda dunyoning turli burchaklaridan 200 dan ortiq parlament a’zolari, ayol-yetakchilar va ekspertlar ishtirok etmoqda. Ular gender tenglik, ayollarning siyosiy yetakchiligi va inson huquqlari bilan bog‘liq eng muhim masalalarni muhokama qiladi. Forum doirasida 40 yillik yubiley nishonlanib, 39-sessiya prezidenti etib O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva saylangan.
Bildirilishicha, Parlamentlararo ittifoq tomonidan yuritiladigan “Parlamentdagi ayollar” reytingida O‘zbekiston 193 ta mamlakat orasida 36-o‘rinni egallagan. Shu bilan birga, forumda uning bugungi formati xotin-qizlarga oid mintaqa uchun xos bo‘lgan dolzarb masalalarni birgalikda hal qilishning samarali mexanizmiga aylangani ham qayd etilgan.
“Shuningdek, Forumda 150-assambleyaning muhokama qilinayotgan rezolyutsiyalariga gender nuqtai nazaridan tahlillar kiritildi. Ishtirokchilar Falastinda ikki davlat tuzish yechimini ilgari surishda parlamentlarning roli hamda qurolli mojarolarning uzoq muddatli ta’sirini yumshatish bo‘yicha parlament strategiyalarini muhokama qildilar”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ayol deputatlar ulushi 38 foizni tashkil etadi. Bu nafaqat O‘zbekistonning Osiyo mintaqasida ayollarning parlamentdagi vakilligi bo‘yicha yetakchi o‘rinda ekanligini ko‘rsatadi, balki so‘nggi o‘ttiz yilda (+32 foiz punkt) erishilgan yutuqlarni ham aks ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida Markaziy Osiyo tarixida ilk marotaba Parlamentlararo ittifoqning 150-yubileyi bo‘lib o‘tishi xabar qilingandi. Ushbu anjuman 5-9 aprel kunlari “Tashkent City” hududidagi Kongress-xoll majmuasida o‘tkaziladi. Unda dunyoning 180 ta mamlakati, 15 ta kuzatuvchi davlat hamda 25 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilotdan 2 mingga yaqin delegatlar ishtirok etishi kutilmoqda. Yig‘ilishning asosiy mavzusi “Ijtimoiy rivojlanish va adolat uchun parlament harakati” bo‘lib, unda kambag‘allikni bartaraf etish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy inklyuziyani qo‘llab-quvvatlash va qaror qabul qilish jarayonida kamsitilgan guruhlar ishtirokini oshirish kabi masalalar muhokama qilinadi.
LiveBarchasi
Trenddagilar



