Tabrizdagi Ozarbayjon Bosh konsulligining evakuatsiyasi yakunlandi
Olam
−
12:27 675 2 daqiqa
Avvalroq, Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov mamlakat Erondan barcha diplomatik xodimlarini olib chiqib ketayotganini ma’lum qilgandi.
Bugun, 7 mart kuni Tabriz shahridagi Ozarbayjon Bosh konsulligi xodimlarini evakuatsiya qilish to‘liq yakunlandi. Bu haqda APA axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 6 mart kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov Baku shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tehron va Tebrizdagi Bosh konsullik xodimlarini evakuatsiya qilish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Qayd etilishicha, hozirga qadar Tehrondagi elchixonaning ham katta qismi ham evakuatsiya qilingan.
Eronning Ozarbayjonga hujumi
Bugun, 5 mart kuni Eron raketasi Ozarbayjonning Naxichevon Muxtor Respublikasi hududidagi aeroportga qulab tushdi.
Naxichevon Ozarbayjonning Eron, Turkiya va Armaniston bilan chegaradosh eksklavi bo‘lib, Janubiy Kavkazda strategik jihatdan muhim hudud hisoblanadi. Agar bu hodisa tasdiqlansa, mintaqaviy xavfsizlik va siyosiy vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mazkur voqeadan so‘ng, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi. Unda bitta dron Naxichevon xalqaro aeroportining terminal binosiga zarba bergan, yana boshqa bir dron esa Shakarobod qishlog‘idagi maktab binosi yaqiniga tushgan. Hududdagi maktab o‘quvchilar va o‘qituvchilari esa evakuatsiya qilingan.
Mazkur voqeadan so‘ng Eron Islom Respublikasining Ozarbayjondagi favqulodda va muxtor elchisi Mujtabo Demirchilu Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan, u yerda Eron tomoniga keskin norozilik bildirilgan va tegishli norozilik notasi topshirilgan.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Eronning Naxichevon Muxtor Respublikasidagi aeroportga qilgan hujumi javobsiz qolmasligini bildirgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot qilib, hujumdan jiddiy xavotir bildirgan.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Eronning Naxichevonga qilgan hujumini terroristik deb atadi va buning uchun uzr so‘rashi kerakligini aytgan. Shuningdek, u Eronning Naxechivonga qilgan hujumuni “nonko‘rlik” sifatida baholab, bu tajovuzga “temir musht” bilan javob qaytarishini bildirdi.
Live
Barchasi