Surxondaryoda talaba qiz hali tug‘ilmagan o‘g‘lini sotmoqchi bo‘ldi
3-sahifa
−
15:00 1674 2 daqiqa
Surxondaryo viloyatida universitet talabasi hali tug‘ilmagan farzandini kontrakt to‘lash uchun sotmoqchi bo‘ldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatda keltirilishicha, Termiz shahridagi universitetning uchinchi bosqich talabasi J.S. joriy yilning boshida tug‘ilgan farzandini sotish va pulni o‘qishining yillik to‘lovlariga ishlatishni rejalashtirgan. U o‘g‘liga xaridor qidirib, yanvar oyining boshlarida J.G. ismli ayol bilan tanishib qolgan. Sudlanuvchi unga hali tug‘ilmagan farzandini sotib, pulni o‘qishining yillik to‘lovlari uchun sarflashi zarurligini aytgan va o‘g‘lini 1 ming 500 AQSH dollariga sotib yuborishga kelishgan. Sudlanuvchi joriy yilning 15 yanvar kuni Termiz tumanidagi tug‘uruqxona binosida kelishilgan pullarni olgan vaqtida viloyat IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Joriy yilning 26 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sudda J.S. aybiga iqror bo‘lgan va bir yigit uni aldagani sababli xomilador bo‘lib qolganini, oila a’zolarining bundan xabari bo‘lmaganini aytgan.
Sud hukmiga ko‘ra, J.S. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilgan. Unga 6 yil muddatga ozodlikdan marhum qilish jazosi tayinlangan va jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida 2014 yilda tug‘ilgan farzandini 40 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan 30 yoshli ayol 3 yil 6 oyga ozodlikda mahrum qilingandi.
Live
Barchasi