Surxondaryoda qurilish mansabdori va arxitektor qo‘lga olindi
3-sahifa
−
19 Oktabr 8471 2 daqiqa
Surxondaryo viloyatida pora so‘ragan qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi mansabdori hamda arxitektor ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurilish ishlarini loyihalashtirishga ixtisoslashgan MCHJ arxitektori Muzrabot tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirgan holda, unga qarashli bo‘lgan, qurilishi tugallanmagan noturar bino loyiha hujjatlarini tegishli tashkilotlardan muammosiz o‘tkazib berish evaziga firibgarlik yo‘li bilan 17 million so‘m talab qilgan.
DXX va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, arxitektor 17 million so‘mdan 1 million so‘mini Muzrabot tuman Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘iga berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, mazkur mansabdor ham ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z raisligida o‘tgan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov – bu korrupsiya ekanini aytgandi. 21 aprel kuni qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida 3 ta vazirlikda, jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazilishi belgilangandi.
Live
Barchasi