Suriyaning yangi rahbari endi Turkiyaga boradi
Olam
−
03 fevral 4021 2 daqiqa
Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) ertaga, 4 fevral kuni Turkiyaga boradi. Bu haqda Turkiya Prezidenti ma’muriyatining aloqa bo‘limi rahbari Fahrettin Altun X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ahmad al-Sharani Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an shaxsan taklif qilgan.
“Suriya o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara 4 fevral kuni Prezidentimiz Rajab Toyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan Anqaraga tashrif buyuradi”, deya yozgan u.
Shuningdek, u muzokaralar chog‘ida Suriyadagi so‘nggi o‘zgarishlar, iqtisodiyot va boshqa ko‘plab sohalar muhokama qilinishini ham yozib qoldirgan.
“Muzokaralar chog‘ida Suriyadagi so‘nggi o‘zgarishlar har tomonlama muhokama qilinadi va baho beriladi. Iqtisodiyotni tiklash, Suriyada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun ikki davlat qo‘shma qadamlar qo‘yilishi kerak”, degan Altun.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya Suriyadagi o‘tish davri hukumatlariga ko‘p tarafli platformalarda ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yordam masalasi ham muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Dailiy Sabah” nashri Al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan Suriyaning yangi yetakchisi Ahmad ash-Sharaning ilk tashrifi qo‘shni Turkiyaga bo‘lishi haqida xabar bergandi. Ammo kecha, 2 fevral kuni Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirgandi. Shuningdek, u mazkur tashrif doirasida Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi.