Suriyada Asad tarafdorlari va yangi hukumat kuchlari o‘rtasida qonli janglar boshlandi
Olam
−
08 mart
8108Yangi Suriya hukumatining xavfsizlik kuchlari ag‘darilgan prezident Bashar Asad tarafdorlari bilan shiddatli janglarga kirishdi. Bu haqda Suriya Inson huquqlarini kuzatish markaziga (SOHR) tayanib, BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, to‘qnashuvlar oqibatida 70 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Rossiya harbiy bazalari joylashgan Latakiya va Tartus shaharlarida janglar sababli komendantlik soati joriy etilgan. Halok bo‘lganlar orasida hukumat qo‘shinlarining 35 nafar askari, Asad tarafdorlarining 32 nafari va to‘rt nafar tinch aholi vakili bor. SOHR ma’lumotiga ko‘ra, yana o‘nlab odamlar yaralangan yoki asirga olingan. Suriyaning “Step” nashri xabariga ko‘ra, 25 dan ortiq “sobiq Asad rejimi jangchilari” asirga tushgan.
BBC’ga ko‘ra, bu to‘qnashuvlar Asad ag‘darilgandan beri eng qonlisi bo‘lgan. SOHR ma’lumotiga ko‘ra, jangovar harakatlar sobiq prezidentga sodiq guruhlar nazorat punktlari, harbiy shtablar va qirg‘oq bo‘ylab joylashgan strategik obektlarga hujum qilganidan keyin boshlangan. BBC manbalari ushbu hujum avvaldan rejalashtirilganini taxmin qilmoqda.
“Shoshilinch yordam shifokorlarini ham nishonga olgan tartibsiz o‘q uzishlar Asad rejimi usullarini eslatmoqda”, deydi nashr manbalari.
Suriya Mudofaa vazirligi ushbu voqealarga javoban sobiq prezident tarafdorlari uchun ogohlantirish e’lon qilgan.
“Minglab odamlar allaqachon qurolini tashlab, oilasiga qaytdi, ammo hanuz qochib, qotillar va jinoyatchilarni himoya qilib halok bo‘lishni afzal bilayotganlar bor. Ularda tanlov bor: taslim bo‘lish yoki muqarrar qismatini qarshilash”, dedi OAV orqali chiqish qilgan polkovnik Hasan Abdul G‘ani.
Suriya qirg‘oqbo‘yi hududi an’anaviy ravishda Asadlar oilasi mansub bo‘lgan alaviy ozchiligiga tayanch hudud hisoblanadi. Ushbu jamoa vakillari hokimiyat almashganidan beri, ayniqsa qishloq joylarida ta’qib qilinayotganliklarini da’vo qilmoqda. Biroq yangi hukumat bu ayblovlarni rad etmoqda.
Qayd etish joiz, Bashar Asad 2024 yil dekabr oyi boshida hokimiyat tepasidan ag‘darilib, Rossiyaga qochgan edi. 2000 yildan buyon hokimiyatni boshqargan Asad otasi Hafiz Asaddan so‘ng prezidentlikka kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriya yangi hukumatining xavfsizlik xizmati xodimlaridan kamida 13 nafari sobiq prezident Bashar Asad tarafdorlari va qo‘shinlari bilan to‘qnashuvlar oqibatida halok bo‘lgani xabar qilingandi. To‘qnashuvlar Suriya g‘arbidagi Jabla shahrida sodir bo‘lgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar
