SpaceX Maskni ilk trillioner maqomiga yaqinlashtirdi
Bu qiziq
−
12 iyun 1838 2 daqiqa
SpaceX kompaniyasi aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) jarayonida 75 milliard dollar jalb qildi va bu jahon tarixidagi eng yirik birjaga chiqish voqeasi bo‘ldi. Kompaniya aksiyalari donasi uchun 135 dollar narxda joylashtirildi, taklif etilgan aksiyalar hajmi esa 555,6 million donani tashkil etdi. Bu haqdagi hujjat kompaniya veb-saytida e’lon qilindi.
Joylashtirish yakunlariga ko‘ra, SpaceX’ning bozor qiymati 1,77 trillion dollarga, opsionlar va boshqa potensial aksiyalarni hisobga olgan holda esa taxminan 1,8 trillion dollarga yetdi. Kompaniya “Nasdaq” birjasida SPCX tikeri ostida savdolarni boshlaydi.
Ushbu yangi joylashtirish Saudiya Arabistonining Saudi Aramco neft kompaniyasi tomonidan 2019 yilda o‘rnatilgan (o‘shanda 29,4 milliard dollar jalb qilingan edi) avvalgi rekordni ikki baravardan ko‘proqqa yangiladi. Shu bilan birga, SpaceX aksiyalariga bo‘lgan talab taklif hajmidan to‘rt baravardan ham ko‘proq yuqori bo‘ldi.
Kompaniya, shuningdek, tashkilotchi banklarga qo‘shimcha 83,3 million dona aksiya sotib olish opsionini ham taqdim etdi. Undan to‘liq foydalanilgan taqdirda, joylashtirish hajmi taxminan 86 milliard dollargacha o‘sadi.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, chakana investorlar 100 milliard dollardan ortiq mablag‘ uchun ariza topshirgan. Bunday yuqori talab shakllanishida kompaniya asoschisi Ilon Maskning xususiy investorlar orasidagi mashhurligi muhim rol o‘ynagan.
Biroq hamma tahlilchilar ham bozordagi bu ko‘tarinkilikni ma’qullamayapti. Taniqli investor Jeyms Chanos ushbu jarayonni “umid va orzular IPO’si” deb atagan va kompaniyaga bo‘lgan qiziqish biznesning fundamental ko‘rsatkichlariga emas, balki ko‘proq sun’iy intellekt hamda Maskning shaxsiyati bilan bog‘liq kutilmalarga asoslanganini ta’kidlagan.
SpaceX o‘zini nafaqat kosmik kompaniya, balki sun’iy intellekt bozorining bo‘lajak yetakchilaridan biri sifatida ham taqdim etmoqda. Kompaniya sun’iy intellekt dasturchilariga, jumladan, Anthropic va Google’ga hisoblash quvvatlarini taqdim etishdan sezilarli daromad olishni ko‘zlamoqda.
Aksiyalarni joylashtirishdan so‘ng Ilon Maskning boyligi “Bloomberg Billionaires Index” baholashiga ko‘ra, taxminan 275 milliard dollarga ko‘payib, deyarli 970 milliard dollarga yetadi. Shu tariqa, tadbirkor tarixdagi boyligi 1 trillion dollardan oshadigan birinchi inson maqomiga juda ham yaqinlashib oldi.
IPO tashkilotchilari sifatida Goldman Sachs, Morgan Stanley, Bank of America, Citigroup va JPMorgan Chase banklari ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq SpaceX kompaniyasi IPO oldidan investorlar uchun taqdim etgan hujjatlarida kompaniya rahbari Ilon Maskning yillik rasmiy maoshi 2019 yildan beri 54 ming dollar ekanini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi