Soliq to‘lamayman deyishga or qilish kerak – Ozodbek Nazarbekov (video)

Madaniyat-san’at

image

Avvalroq, Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni soliqqa tortish va hisobini yuritish tizimini soddalashtirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasida O‘zbekistonda san’atkor va boshlovchilar har bir to‘y yoki konsert uchun soliq to‘lashi nazarda tutilgani haqida xabar berilgan edi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bugun, 21 aprel kuni Turkiston san’at saroyida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot chog‘ida mazkur loyiha yuzasidan fikr bildirib, ayrim san’atkorlar savodsiz ekanini aytdi.

Mazkur loyiha e’lon qilingach, san’atkor va tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida turli muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Xususan, ayrim xonandalar loyiha yuzasidan norozilik bildirdi. Ozodbek Nazarbekov san’atkorlar hali loyihaning mohiyatini tushunmayotganini aytdi.

“Birinchidan, u loyiha tasdiqlangani yo‘q va umuman mana shu band o‘rtaga chiqqanda juda ko‘p san’atkorlar yuzini ko‘rsatib qo‘ydi. Birinchidan, savodsizligini ko‘rsatib qo‘ydi, umuman soliq haqida hech qanday bilimga ega emasligini ko‘rsatib qo‘ydi”, deydi vazir.

Shuningdek, u hozir ham san’atkorlar soliq to‘layotganini qayd etgan.

“San’atkorlar hozir soliq to‘layapti. O‘rtaga “to‘lamayapti”, degan gap chiqib qoldi, hattoki to‘layotgan san’atkorlar “to‘lamaymiz” deb chiqishni boshladi. O‘zi to‘layapti, hatto o‘zi to‘layotganini bilmayapti. Yo‘q, hamma joydan to‘layapti, u to‘ydan ham to‘layapti, konsertdan ham to‘layapti, to‘layapti hammasidan”, deydi Madaniyat vaziri.

Shu bilan birga, mulozim aslida mavjud soliq turining qay darajada sog‘lom ekani muhokama qilinayotganini bildirgan.

“Ko‘tarilayotgan masala – sog‘lommi mana shu soliq turi, sog‘lom emasmi? Sog‘lom emas. Hozirgi mavjud soliq turi sog‘lom emas. Shuning uchun buni soliq muhokamaga qo‘yyaptiki, sog‘lom bir yechimini topaylik. Shuning uchun bu yerda “soliq to‘lamaymiz, soliq to‘laymizmi, to‘lamaymizmi” degan masala muhokama bo‘lmasligi kerak”, deydi Ozodbek Nazarbekov.

Bundan tashqari, u O‘zbekistonda hamma soliq to‘lashini, soliq to‘lamayman deyishdan or qilish kerakligini aytgan.

“Hamma soliq to‘laydi, soliq to‘lamaydigan odam yo‘q. Bu dunyoda yo‘q unaqa odam. Aravakash ham to‘laydi, hamma to‘laydi. Soliq to‘lamayman deyishga or qilishi kerak odam, unga qarshi kurashishga vijdon qiynalishi kerak odamda. A bu kechirib qo‘yasan, sen bugun tinch uxlayotganing uchun soliqning orqasidan uxlayapsan, bolang maktabga borayotgani soliqning orqasidan boryapti. Bu sen xotirjam uxlab, biznes qilishing uchun, sen sharoit qilishing uchun, shu yerda bola-chaqangni tinch tarbiyalashing uchun ishlayapti. O‘sha pullar o‘shayoqqa ketyapti”, deydi Ozodbek Nazarbekov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur loyiha ortidan Madaniyat vazirligi san’atkorlarni soliqqa tortishda yengillik so‘ragan edi. Bildirilishicha, vazirlik tomonidan hujjat loyihasining ayrim bandlari yuzasidan tegishli tartibda rasmiy e’tirozlar kiritilganiga qaramasdan ushbu loyiha Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Adliya vazirligi Soliq Ozodbek Nazarbekov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing