Sog‘liqni saqlash vaziriga o‘rinbosar tayinlandi

Jamiyat

image

Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, Alisher Shukrullayevich Boboyev Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumot uchun, Alisher Boboyev tayinlovga qadar Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. U 1996 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlab, ushbu oliy o‘quv yurtining klinik ordinatura yo‘nalishida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini 1998 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutida katta laborant sifatida boshlagan.

Alisher Boboyev turli yillarda Toshkent farmatsevtika instituti tibbiy biologik fanlar kafedrasi katta laboranti, Toshkent shahar Olmazor tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi, 1-sonli Respublika klinik shifoxonasi maslahat-diagnostika poliklinikasi hamda Respublika klinik shifoxonasi urologiya bo‘limi singari qator muassasalarda shifokor-urolog, Sog‘liqni saqlash vazirligi kotibiyatida bosh mutaxassis kabi lavozimlarda ishlagan. Alisher Boboyev II darajali “Salomatlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Sultonov lavozimidan ozod etilgandi.

Unga bu vazifa 2024 yilning yanvar oyida Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Shodmonov uzoq muddatli davolanish uchun mehnat ta’tiliga chiqqani sababli yuklatilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Sog'liqni saqlash vaziri Alisher Boboev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing