Sobiq IIO xodimining mashinasidan qariyb 1 kg “gashish” chiqdi
3-sahifa
−
28 avgust 10594 2 daqiqa
Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida sobiq ichki ishlar xodimi boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashina ichida 979 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, O‘rta Chirchiq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Bo‘ka-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan, Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida yashovchi, 1970 yilda tug‘ilgan, sobiq ichki ishlar xodimi boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashina to‘xtatilgan. Avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda – 1975 yilda tug‘ilgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi va Bo‘ka tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan shaxs ketayotganligi ma’lum bo‘lib, mashinaning orqa o‘rindig‘i ortida 979 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sheriklari bo‘lgan Bekobod tumanida yashovchi, 1989 va 2001 yilda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro ushlanib, ulardan ham 437 gr “gashish” moddasi olingan.
Qayd etilishicha, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Yangiobod MFYda istiqomat qiluvchi, 1988 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs va “Birlik” mahallasida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan fuqaro qo‘lga olinib, ulardan 976 gr marixuana olingan. Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qashqadaryo viloyatida fermerning ukasi akasining fermer xo‘jaligining 20 sotix yerida giyohvandlik vositalari yetishtirgani aniqlangandi.
Live
Barchasi