“Siti” yarim himoyachisi jamoa bilan yangi shartnoma imzoladi

Sport

image

“Manchester Siti” yarim himoyachisi Fil Foden klub bilan 2030 yilga qadar mo‘ljallangan yangi to‘rt yillik shartnoma imzoladi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar berdi.

26 yoshli futbolchi “Manchester Siti” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U klub akademiyasiga to‘qqiz yoshida qabul qilingan va bolaligidan “shaharliklar” muxlisi bo‘lib kelgan.

Foden 2017 yilda Pep Gvardiola qo‘l ostida asosiy jamoada debyut qilgan. Shundan buyon u klub tarixidagi eng ko‘p sovrin qo‘lga kiritgan futbolchilardan biriga aylandi.

“2026 yil may oyida Foden “Manchester Siti” safida Premer-ligada 100 ta gol urgan oltinchi futbolchiga aylandi. Shuningdek, u klubning 132 yillik tarixida 100 gollik marrani zabt etgan atigi 20 futbolchidan biri bo‘ldi”, deyiladi klub bayonotida.

Angliyalik futbolchi “Manchester Siti” bilan jami 20 ta yirik sovrinni qo‘lga kiritgan. Ular orasida oltita Angliya Premer-ligasi chempionligi, beshta Liga kubogi, uchta Angliya kubogi, uchta Angliya Superkubogi, shuningdek, Chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi jahon chempionligi bor.

Foden jamoaviy yutuqlardan tashqari bir qator nufuzli shaxsiy sovrinlarga ham sazovor bo‘lgan. U 2023-2024 yilgi mavsumda Angliya professional futbolchilar assotsiatsiyasi talqiniga ko‘ra yilning eng yaxshi futbolchisi, Futbol yozuvchilari assotsiatsiyasi talqini bo‘yicha yilning eng yaxshi o‘yinchisi va Premer-ligada mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing