Sietlda “O‘zbek mahallasi” jamoat uyushmasi tashkil etildi
Olam
−
09 iyul 2070 2 daqiqa
AQSHning Vashington shtatidagi Sietl shahrida istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar tashabbusi bilan rasman “O‘zbek mahallasi” jamoat uyushmasi tashkil etildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, uyushma Vashington shtati hukumati tomonidan rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Uyushmaga Vashington shtati davlat kotibi Stiv Hobbs tomonidan huquqiy maqom berilgan bo‘lib, bu Sietldagi o‘zbek jamoasi uchun tarixiy voqea sifatida baholanmoqda.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda Vashington shtatida O‘zbekistondan kelgan 3 mingdan ortiq kishi yashaydi. Ularning aksariyati Sietl shahri va uning atrofida istiqomat qilib, Microsoft, Amazon, Google, Boeing, Oracle va NVIDIA kabi yetakchi xalqaro kompaniyalarda mehnat qilmoqda. Ular dasturiy ta’minot ishlab chiqish, sun’iy intellekt, muhandislik, aviatsiya, sog‘liqni saqlash va tadbirkorlik sohalarida faoliyat yuritadi.
AQSH davlat boshqaruvi tizimida 15 yildan ortiq tajribaga ega o‘zbekistonlik Musa Xolmurodov “O‘zbek mahallasi” uyushmasi raisi etib tayinlangan. Manbaga ko‘ra, u ayni paytda Vashington shtati Jazoni ijro etish departamentida rahbarlik lavozimida ishlaydi.
Uyushmaning asosiy vazifalari o‘zbekistonliklar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, milliy bayramlar va madaniy tadbirlarni tashkil etish, AQSHga yaqinda kelgan O‘zbekiston fuqarolarining ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish, shuningdek, yosh avlodda ona tili, milliy an’analar va madaniy merosga hurmat tuyg‘usini shakllantirishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Hukumati fuqarolarining Amerika Qo‘shma Shtatlari hududiga kirishi bo‘yicha viza talablarini yengillashtirish ustida ishlashi belgilangan edi.
Live
Barchasi