Shvetsiyalik vazir matbuot anjumanida hushidan ketdi (video)
Olam
−
10 Sentabr 2025 5985 1 daqiqa
Shvetsiyaning yangi Sog‘liqni saqlash vaziri Elizabet Lann hukumatdagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida hushidan ketdi. Bu haqda Shvetsiya telekanali SVT xabar berdi.
Kadrda u Bosh vazir Ulf Kristersson, Energetika va tadbirkorlik vaziri Ebba Bush hamda Ijtimoiy ishlar vaziri Yakob Forsmed bilan birga minbar ortida turgani ko‘rinadi. Lann to‘satdan minbar ustiga yiqilib, boshidan jarohat olgan. Hushidan ketgach, uni zaldan olib chiqishgan.
Bir necha daqiqadan so‘ng u qaytib kelib, jurnalistlarga qondagi shakar darajasi tushib ketganini aytgan. Shunga qaramay, uning ishtirokidagi matbuot anjumani keyinga qoldirilgan.
Elizabet Lann – Gyoteborg shahar kengashi a’zosi va “Xristian-demokratlar” partiyasi vakili sanaladi. U Sog‘liqni saqlash vaziri etib yaqinda tayinlangan edi. Bu tayinlov uning oldingi vazir Akko Ankarberg Yuxansson kutilmaganda iste’foga chiqqanidan keyin amalga oshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ganada bo‘lib o‘tgan boks kechasida fojiali hodisa yuz bergandi – 40 yoshli bokschi jang vaqtida hushidan ketgan va shifoxonada vafot etgandi.
Live
Barchasi