Shomurodov va “Roma” bugun Yevropa ligasi doirasida “Atletik”ni mehmon qiladi
Sport
−
06 mart 2025 8182 2 daqiqa
Bugun, 6 mart kuni Yevropa ligasi 1/8 final bosqichi ilk o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. “Real Sosedad” – “ Manchester Yunayted”, FKSB – “Lion”, “Fenerbaxche” – “Reynjers”, AZ – “Tottenxem”, “Viktoriya” – “Latsio”, “Budyo Glimt” – “Olimpiakos”, “Ayaks” – “Ayntraxt”, “Roma” – “Atletik” kabi o‘yinlar bugungi kun tartibidan o‘rin olgan.
Rimda bugun “Atletik” mehmon bo‘ladi

Yevropa ligasi qur’asidan so‘ng Rimning “Roma” klubi Bilbaoning “Atletik”iga qarshi maydonga tushishi aniq bo‘ldi. Yevropa ligasi guruh bosqichida “Atletik” 8 turdan keyin 19 ochko jamg‘arib, 2-o‘ringa ega chiqdi va 1/8 final bosqichiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l oldi.
“Roma” esa 15-o‘rinni egallab, o‘tish o‘yinida Portugaliyaning “Portu”sini ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 4:3 hisobida mag‘lub etib, ushbu bosqichga yetib keldi.
Rimliklar A Seriyada 27-turdan keyin 43 ochko to‘plab, 8-pog‘onadan joy olgan. “Atletik” esa La Liga turnir jadvalida 26-turdan so‘ng 48 ochko jamg‘arib, 4-o‘rinni band etgan. Bu o‘yinda favorit nomini aytish mushkulroq. Dastlabki bahsda rimliklar o‘z uyidagi ustunlikni hisobga ko‘chirishga va Bilbaodagi javob o‘yiniga ijobiy natija bilan borishga harakat qiladi. “Atletik” esa barcha masalani Rimdayoq hal qilishga urinib ko‘radi. Mazkur uchrashuv Toshkent vaqti bilan 7 martga o‘tar kechasi 01:00 da start oladi.
Ranerining ishonchiga kirib olgan Shomurodov

“Roma” safida o‘zbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov murabbiy Klaudio Ranerining ishonchiga kirib olgan va ketma-ket o‘yinlarda asosiy tarkibda maydonga tushmoqda. Xattoki, Shomurodov “Roma”da fevral oyining eng yaxshi futbolchisi ham bo‘ldi. Bu esa avvalo, futbolchining o‘ziga bo‘lgan ishonchini ancha oshiradi. Klubdagi asosiy raqobatchisi ukrainalik Artyom Dovbik o‘zini yomon his qilayotgani ham o‘zbekistonlik futbolchi uchun asosiy tarkibdagi imkoniyatlarini ishga solishga turkti bo‘ldi. Raneri ayni damda Shomurodov bilan hujum chizig‘ida tandem sifatida ikki argentinalik Matias Sule va Paulo Dibaladan birini tushirmoqda. Kezi kelganda Sule hujum ortida, Shomurodov va Dibala hujum markazida o‘ynamoqda. Ketma-ket uchrashuvlardagi namoyish etayotgan faol o‘yini sabab, o‘zbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov bugungi o‘yinda ham asosiy tarkibda maydonga tushishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Yevropa ligasi 1/16 final bosqichining javob o‘yinlari 13 mart kuni o‘tkaziladi.
Live
Barchasi