Shimoliy Koreyada “kibrlangan“ tadbirkor juftlik qatl etildi

Olam

image

Shimoliy Koreyada biznesi muvaffaqiyatga erishgach, “kibrlanib ketgan” ikki tadbirkor “aksilrespublika faoliyati”da ayblanib, qatl etildi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Pxenyanda o‘tkazilgan qatlni yuzlab odamlar, hatto bolalar ham majburan tomosha qilgan. Yoshi 50 atrofidagi tadbirkorlar elektrovelosipedlar, akkumulyatorli mototsikllar uchun qismlar va oddiy velosipedlarni sotish, ta’mirlash hamda ijaraga berish bilan shug‘ullangan. Ular rasman Sadong tumani kasaba uyushmalari federatsiyasi orqali ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, katta daromad topgani sabab “katta rahbarlar” sifatida tanilgan.

Mahalliy aholining bir qismi juda qimmat narx qo‘yishi, mahsulot sifati pastligi va kibrli muomalasi sabab ulardan norozi bo‘lgan. Oqibatda Shimoliy Koreya tadbirkorlari “Reaksion fikr va madaniyatni qabul qilmaslik to‘g‘risida”gi qonunni buzganlikda ayblangan. Shuningdek, ularga chet el valyutasini noqonuniy aylantirish va davlatga qarshi xabarlarni tarqatish maqsadida tashqi tashkilot bilan hamkorlik qilish ayblovi ham qo‘yilgan.

Ular avgust boshida hibsga olingan, so‘roq qilingan va sentyabr boshida o‘lim jazosiga hukm qilingan. Ularga aloqador 20 ga yaqin odam esa surgunga yoki mehnat lagerida “qayta tarbiyalashga” jo‘natilgan. Xabarga ko‘ra, qatl ochiq maydonda amalga oshirilgan va aholiga majburiy ravishda qatnashish buyurilgan.

“200 dan ortiq odam to‘plandi, bolalar ham olib kelindi, o‘quvchilar darsdan ozod qilinib, qatlni kuzatishga majbur bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

Rasmiylar qatl iqtisodiy tartibsizlikning oldini olish va aholiga saboq bo‘lishi uchun amalga oshirilganini bildirgan. Hodisa davlatning xususiy biznes ustidan nazoratni yanada kuchaytirishi hamda tashqi aloqalarni qat’iy cheklashga urinishi sifatida talqin qilingan.

Qatlning vaqti ham e’tiborni tortdi, u KXDR rahbari Kim Chen Inning Xitoy safaridan qaytganidan ko‘p o‘tmay amalga oshirilgan. Manbalarga ko‘ra, bu chet el bilan hamkorlik qilinsa ham ichki intizomdan chetga chiqib bo‘lmasligi haqidagi ogohlantiruvchi signal bo‘lgan.

“Maqsad davlat ruxsat bergan chegaradan hatto bir qadam tashqariga chiqadigan har kim jazolanishi mumkinligini ko‘rsatishdir. Barcha tadbirkorlar biz ham istalgan payt qo‘lga olinib, qatl etilishimiz mumkin, degan qo‘rquvga tushdi”, deydi manbalardan biri.

Hodisadan so‘ng bozordagi savdo faolligi bir necha kunga keskin pasaygan. Tadbirkorlarga aloqador korxonalar bankrot bo‘lgan, akkumulyator va uning qismlari narxi keskin oshgan yoki savdo butkul to‘xtagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Malida “Jamoat nusrat al-islom val-muslimin” (JNIM) terror guruhi a’zolari mashhur tiktoker, Mali armiyasini jangarilarga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlab keluvchi Mariyam Sisseni o‘g‘irlab ketib, namoyishkorona qatl etgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shimoliy Koreya Pxen'yan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing