Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmon bilan Buxoroni ziyorat qildi

Jamiyat

image

Bugun, 27 mart kuni O‘zbekistonda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Buxorodagi tarixiy obidalarni ziyorat qilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qadimiy Buxoro azaldan o‘zining benazir tarixiy, me’moriy va madaniy boyliklari bilan mashhur bo‘lib, asrlar davomida fan, islom ilmi va ma’naviyat markazlaridan biri sifatida tanilgan. Yoshi 2,5 ming yildan oshgan shaharning tarixiy markaziga 1993 yilda UNESCO’ning Butunjahon merosi ob’ekti maqomi berilgan.

Oliy martabali mehmon dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilgan.

Majmua islom olamining ulug‘ qadamjolaridan biri hisoblanadi. Mazkur ziyoratgoh Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan joyda barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunda maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga oladi. Bahouddin Naqshband ta’limotining ezgu tamoyili – “Dil ba yoru, dast ba kor” shiori insonni mehnatsevarlik va ruhiy poklikka da’vat etishi alohida ta’kidlangan.

So‘ng Somoniylar maqbarasiga tashrif buyurilgan. Ushbu me’moriy yodgorlik Markaziy Osiyoda pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan eng qadimiy inshootlardan biri hisoblanadi. U IX asr oxiri – X asr boshlarida Somoniylar davlati asoschisi va birinchi hukmdori Ismoil Somoniy tomonidan sulolaviy maqbara sifatida qurilgan.

Uning me’moriy qiyofasida nafaqat islom, balki islomdan avvalgi davr an’analari, jumladan, sug‘d madaniyatiga xos naqshlar ham o‘z aksini topgan. Ta’kidlanganishicha, quyosh nurlarining tushishiga qarab, maqbara naqshlari turlicha jilolanadi, binoning kub va gumbaz shaklidagi kompozitsiyasi esa Yer va Osmon uyg‘unligini ramziy ifoda etadi.

Qalinligi qariyb ikki metrga yetadigan devorlar hamda yuqori sifatli g‘isht terimi tufayli ushbu noyob yodgorlik bugungi kungacha yaxshi saqlanib qolgan.

Maqbaralarga ziyorat chog‘ida Qur’on tilovat qilinib, o‘tganlarga rahmat, yurtimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Imomali Rahmon davlat tashrifi bilan Toshkentga yetib kelgandi. Toshkent xalqaro aeroportida oliy mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Shuningdek, Ko‘ksaroy qarorgohida Imomali Rahmonni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Keyinroq esa Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon tor doirada muzokara va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Shuningdek, ikki davlat yetakchilari yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. O‘zbekiston – Tojikiston Oliy davlatlararo kengashining birinchi yig‘ilishidan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘ldi. Shu bilan birga, Tojikiston Respublikasi Prezidentining davlat tashrifi doirasida ushbu mamlakatning Toshkent shahridagi elchixonasining yangi binosi ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyida ikki mamlakat san’atkorlari ishtirokidagi an’anaviy konsertni birgalikda tomosha qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Buxoro Imomali Rahmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing