O‘zbekiston-Tojikiston Oliy davlatlararo kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Jamiyat
−
26 mart 2340 3 daqiqa
Bugun, 26 mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon tor doirada muzokara va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari Tojikiston Prezidentining ushbu davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat rishtalarini mustahkamlashda yana bir muhim qadam ekanini alohida ta’kidlagan.

“Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini boshlab bermoqdamiz. Ushbu format, shubhasiz, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taradi, O‘zbekiston – Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini amaliy mazmun va ilg‘or tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qiladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Hukumatlar, parlamentlar va idoralar darajasidagi faol va yaqin aloqalar mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, sanoat ko‘rgazmasi va hududlar, rektorlar, olimlar, yoshlar va tahlil markazlarining forumlari muvaffaqiyatli tashkil qilingan. Ayni paytda mamlakatda Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari o‘tkazilmoqda.

Yig‘ilishda tomonlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilib, ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish yo‘llarini tahlil qilgan hamda o‘zaro manfaatli O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligini mustahkamlashga katta sur’at bag‘ishlaydigan bir qator muhim qarorlarni qabul qilgan.
O‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish, transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, suv va energetika xavfsizligini kuchaytirish choralariga alohida e’tibor qaratilgan.

O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi, eng avvalo, tayyor mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish hisobiga qariyb 1 milliard dollarga yetgan.
Sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa ko‘plab sohalarda qator kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida aviareyslar, avtobus va poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan. Yuk tashish hajmi jadal o‘sib bormoqda.
2030 yilga borib o‘zaro savdoni 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.
“Oybek – Fotihobod” chegaraoldi savdo markazini barpo etishni tezlashtirish, mahsulotlarni sertifikatlash va “E-Permit” ruxsatnomalarni almashish raqamli tizimlarini yo‘lga qo‘yish, chegara nazorat punktlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar bu marraga yetishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, tog‘-kon, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, yengil sanoat, qurilish va boshqa sohalardagi loyihalarni o‘z ichiga olgan alohida Sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilinmoqda.
Istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya kompaniyasining kapitalini kengaytirish muhimligi ta’kidlangan. Shuningdek, bugun ikki mamlakat hududida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start beriladi.
Energetika, suv resurslarini boshqarish, transport va boshqa ko‘plab sohalardagi sheriklik atroflicha ko‘rib chiqilib, hamkorlik istiqbollari belgilab olingan.
Yetakchilar hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, gumanitar, ta’lim va ilmiy almashinuvlarni rag‘batlantirishga kelishib olgan.
Yirik diasporalar mavjudligini hisobga olib, madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha besh yillik chora-tadbirlar rejasini qabul qilish taklif qilingan.
Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashgan.
Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama tuzilmalar va mintaqaviy formatlar doirasida yaqin muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta’kidlangan. Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Yig‘ilishda Hukumatlararo komissiya hamraislari – ikki mamlakat Bosh vazirlarining hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari yuzasidan hisobotlari tinglangan.
Yakunda erishilgan kelishuvlarning to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash uchun keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Imomali Rahmon davlat tashrifi bilan Toshkentga yetib kelgandi. Toshkent xalqaro aeroportida oliy mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib olgan edi. Shuningdek, Ko‘ksaroy qarorgohida Imomali Rahmonni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi