Shaxmat olimpiadasi g‘oliblariga qancha pul berilishi ma’lum bo‘ldi
Sport
−
13:29 1644 2 daqiqa
Hozirda Samarqand shahrida davom etayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida o‘zbekistonlik shaxmatchilar g‘oliblikni qo‘lga kiritsa, 200 ming AQSH dollari pul mukofoti oladi. Bu haqda ““Nufuzli xalqaro shaxmat musobaqalari g‘oliblari va sovrindorlari hamda ularning trenerlarini munosib rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, xalqaro nufuzli shaxmat musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan shaxmatchilar, shuningdek, ularni tayyorlagan murabbiylarni munosib rag‘batlantirish maqsadida bir martalik pul mukofotlari miqdori oshiriladi.
Hujjatga ko‘ra, Butunjahon shaxmat olimpiadasi va paralimpiadasida kattalar o‘rtasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan shaxmatchiga 200 ming AQSH dollari, kumush medal sohibiga 100 ming dollar, bronza medal sohibi uchun esa 50 ming dollar miqdorida mukofot beriladi. Ilgarigi tartibda ushbu mukofotlar mos ravishda BHMning 2000, 1000 va 500 baravari – 880 million, 440 million va 220 million so‘mni tashkil etgan.
Yoshlar o‘rtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasi va paralimpiadasi g‘oliblariga ham yangi miqdordagi mukofotlar belgilandi. Oltin medal uchun 20 ming dollar, kumush medal uchun 10 ming dollar, bronza medal uchun esa 5 ming dollar beriladi.
FIDE tasnifiga ko‘ra, jahon miqyosidagi musobaqalarda g‘olib bo‘lgan shaxmatchi 15 ming dollar, kumush medal sohibi 7,5 ming dollar, bronza medal sohibi esa 3 ming 750 dollar miqdorida rag‘batlantiriladi. Ilgarigi tartibda bu mukofotlar BHMning 300, 150 va 75 baravari – mos ravishda 132 million, 66 million va 33 million so‘m edi.
FIDE tasnifiga ko‘ra, Osiyo miqyosidagi musobaqalarda oltin medal uchun 10 ming dollar, kumush medal uchun 5 ming dollar, bronza medal uchun esa 2 ming 500 dollar miqdorida mukofot to‘lanadi. Avval bu miqdorlar BHMning 70, 35 va 17,5 baravari – 30 million 800 ming, 15 million 400 ming va 7 million 700 ming so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, xalqaro grossmeyster unvonini qo‘lga kiritgan shaxmatchilarga 5 ming AQSH dollari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi. Ilgarigi tartibda ushbu summa BHMning 100 baravari, ya’ni 44 million so‘m edi.
Qaror bilan xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan shaxmatchilar bilan bir qatorda ularni tayyorlagan murabbiylarni ham munosib rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.
Live
Barchasi