Selena Gomes firibgarlikda ayblanmoqda
Olam
−
14:38 1697 2 daqiqa
Amerikalik xonanda va aktrisa Selena Gomes Wondermind Global ruhiy salomatlik startapi bilan bog‘liq firibgarlikda ayblanib, investorlar tomonidan sudga berildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, da’vogarlar 2021 yilda ishga tushirilgan va foydalanuvchilarning “ruhiy chiniqishi”ni mustahkamlashga qaratilgan Wondermind Global kompaniyasiga qariyb 1,2 million dollar sarmoya kiritgan. Sud hujjatlariga ko‘ra, ularga Gomes kompaniyaning marketing bo‘limi rahbari sifatida loyihani faol rivojlantirishi va targ‘ib qilishi aytilgan.
Investorlar Selena Gomes va kompaniya rahbariyati mobil ilova yaratish kabi va’dalarni bajarmaganini ta’kidlamoqda.
“Gomes go‘yoki o‘z zimmasiga majburiyat yuklovchi shartnomani imzolagan va keyinchalik uni e’tiborsiz qoldirgan”, deyiladi da’vo arizasida.
Da’vogarlarga ko‘ra, kompaniya xodimlar hamda yetkazib beruvchilarga o‘z vaqtida haq to‘lash kabi eng oddiy majburiyatlarni ham bajarmagan. Selena Gomes vakillari hozircha ushbu da’volar yuzasidan izoh bermagan. Investorlar esa kiritgan mablag‘larini hamda sud xarajatlarini undirishni talab qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Selena Gomes – amerikalik xonanda, aktrisa va tadbirkor. U Disney’ning “Wizards of Waverly Place” (Uaverli pleys sehrgarlari) serialidagi roli orqali mashhurlikka erishgan. Gomes 2021 yildan buyon “Only Murders in the Building” (Binoda faqat qotilliklar) serialida bosh rollardan birini ijro etib kelmoqda. Shuningdek, u Rare Beauty kosmetika brendi hamda Wondermind ruhiy salomatlik platformasining hammuassisi hisoblanadi.
Wondermind Global – 2021 yilda Selena Gomes, uning onasi Mendi Tifi hamda tadbirkor Daniella Pirson tomonidan asos solingan ruhiy salomatlik platformasi hisoblanadi. Kompaniya o‘zini “mental fitness” (ruhiy chiniqish) ekotizimi sifatida taqdim etadi va foydalanuvchilarga ruhiy salomatlik bo‘yicha maqolalar, suhbatlar, podkastlar hamda amaliy vositalarni taklif qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq amerikalik pop yulduzi Ariana Grande e’lon qilinmagan qo‘shiqlari, shaxsiy suratlari va videolarini o‘g‘irlab, internetda sotganlikda gumon qilinayotgan xakerlarga qarshi sudga murojaat qilgan edi.
Live
Barchasi