Saudiya qahramonlari Toshkentga qaytdi

Sport

Saudiyadan uchgan samolyot Toshkent vaqti bilan 20:00 lar atrofida mahalliy aeroportga kelib qo‘ndi. O‘zbekiston hukumati, futbolchilarning yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari, OAV Osiyo chempionlarini qarshi oldi va albatta, futbolchilar bilan doim birga yuradigan, aslida joyi tribunada bo‘lgan shaxs ham shu yerda.

OAVga intervyu berarkan, jamoa ustozi Islom Ismoilov hozirgi jamoani shakllantirishga qancha vaqt ketganini, bu jamoani hozirgi holatiga olib kelish oson bo‘lmaganini va albatta, dramatik final haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Jamoa yetakchilaridan biri, finaldagi shedevr gol muallifi va Osiyo kubogining eng yaxshi futbolchisi Sadriddin Hasanov ham o‘z his-hayajonlari bilan o‘rtoqlashdi.

Nihoyat, intervyulardan ortib, aeroport yo‘lagidan chiqib kelgan futbolchilarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan Prezident tabrigi o‘qib eshittirildi.

Prezident Administratsiyasi departament rahbari Odil Abdurahmonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Futbol bo‘yicha o‘n yetti yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi o‘yinlari g‘oliblari va ishtirokchilarini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonini o‘qib eshittirdi va futbolchilarga hukumat vakillari tomonidan avtomobillar kalitlari topshirildi.

Nihoyat, eng hayajonli lahzalar boshlandi. Futbolchilar o‘zlariga atalgan avtomobillarni qidira boshladi. Ammo 17 yoshda ularga avtomobil boshqarish mumkin emas, shuning uchun Osiyo chempionlari Prezident sovg‘alarini ota-onalariga, o‘z yaqinlariga tuhfa etdi. Oldinda bu jamoani noyabr oyida Qatarda o‘tadigan mundial bahslari kutib turibdi, shu sababli futbolchilarning ham, murabbiylarning ham ortiqcha eyforiyaga berilishga haqqi yo‘q, zero jo‘ja kuzda sanaladi.


Maqola muallifi

Teglar

Osiyo kubogi Abdulla Aripov Saudiya Islom Ismoilov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing