“Sarson kubok”. Chempionlik Senegalga qaytarilishi mumkin
Sport
−
14:42 3952 2 daqiqa
Avvalroq, Afrika kubogi chempionligidan mahrum qilingan Senegal holat yuzasidan Sport arbitraj sudiga (CAS) shikoyat yo‘llagan edi. CAS hakami Raymond Xak Afrika futbol konfederatsiyasi Apellyatsiya kengashining qarori ustidan berilgan apellyatsiya Senegal foydasiga hal bo‘lishini kutayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u ESPN nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Raymond Xakning aytishicha, Marokash tomoni o‘yin yakuniga qadar rasmiy norozilik bildirmagan. Uning fikricha, bosh hakam Jan-Jak Ndala o‘yinni davom ettirishga qaror qilgan ekan, yakuniy natijani bekor qilish uchun huquqiy asos yo‘q.
“Yo‘q, umuman yo‘q. O‘yinning yakuniy qarorini hakam qabul qiladi. U hushtak chalib o‘yinni tugatganidan so‘ng natija o‘zgarmaydi”, deydi Xak.
Uning ta’kidlashicha, agar Marokash qo‘shimcha vaqtni rasmiy norozilik ostida o‘ynaganini bildirganida, vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Ammo bunday holat kuzatilmagan va jamoalar to‘liq 30 daqiqa qo‘shimcha vaqtni o‘ynagan.
Mutaxassis, shuningdek, Afrika futbol konfederatsiyasi Apellyatsiya kengashi Marokashga 3:0 hisobida texnik g‘alaba berishda reglamentning 84-moddasini noto‘g‘ri qo‘llaganini aytdi. Uning tushuntirishicha, bu modda faqat 82 va 83-moddalar birgalikda buzilganda qo‘llanilishi mumkin.
82-modda jamoaning o‘yinni tark etishi yoki davom ettirishdan bosh tortishini nazarda tutadi. 83-modda esa jamoaning belgilangan vaqtda maydonga chiqmasligi bilan bog‘liq. Xakning fikricha, Senegal 82-modda bo‘yicha baholanishi mumkin, ammo 83-modda buzilmagan.
“84-modda juda aniq yozilgan: u 82- va 83-moddalar buzilganda qo‘llanadi. Bu yerda esa 83-modda buzilmagan. Shuning uchun Marokash g‘olib deb e’lon qilinmaydi”, deydi u.
Xakning qo‘shimcha qilishicha, Sport arbitraj sudi yakuniy qaror chiqarmaguncha Senegal medallar va mukofot pullaridan mahrum qilinmasligi kerak. Uning fikricha, bu jarayon kamida olti oy davom etadi.
“Bu masala hal bo‘lmaguncha hech narsa o‘z kuchini yo‘qotmaydi. O‘yinchilardan medallarni yoki mukofot pullarini qaytarishni talab qilib bo‘lmaydi. Yakuniy qaror sud tomonidan qabul qilinadi”, deydi u.
Mutaxassis yakunda bu mojaro Afrika futboli obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ham ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 mart kuni Afrika futbol konfederatsiyasi bayonot berib, Apellyatsiya kengashi Senegalning joriy yilning yanvar oyida Marokash ustidan qozongan 1:0 hisobidagi Afrika kubogi finalidagi g‘alabasini bekor qilganini bildirgandi. Bunga sabab sifatida Senegal futbolchilarining hakam qarorlariga norozilik bildirib, bir muddat maydonni tark etgani keltirilgan.
Live
Barchasi