Samarqandda UNESCO'ning yangi Bosh direktori saylandi

Jamiyat

image

Bugun, 6 noyabr kuni Samarqandda o‘tayotgan UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi davomida tashkilotning yangi bosh direktori etib Xolid Al-Ananiyni (Misr) saylandi. U 174 ta byulletendan 172 tasida ovoz oldi. Yangi Bosh direktor 2017 yildan beri lavozimda bo‘lgan Odri Azule o‘rnini 15 noyabr kuni egallaydi.

Xolid Ahmad Al-Ananiy Ali Azz 1971 yilda tug‘ilgan, Misrdagi Heluan universiteti professori va misrshunosidir. U universitetda 30 yildan ortiq dars berib kelmoqda. Ilgari universitetning Turizm va mehmondo‘stlik fakulteti dekan o‘rinbosari, Ochiq ta’lim markazi direktori va Gidlar bo‘limi rahbari bo‘lib ishlagan. U Fransiyadagi Pol-Valeri Monpele III universitetida misrshunoslik bo‘yicha doktorlik darajasini olgan va u yerda bir necha marta professor sifatida dars bergan.

Al-Ananiy 2014-2016 yillarda Misr sivilizatsiya milliy muzeyi, 2015-2016 yillarda Qohira Misr muzeyi direktori bo‘lgan. 2016 yildan 2022 yilgacha Misrning Qadimiy yodgorliklar vaziri, keyinchalik Turizm va qadimiy yodgorliklar vaziri lavozimlarini egallagan.

U bir necha xalqaro ilmiy jamiyatlar a’zosi hisoblanadi. 2024 yil noyabrida BMTning Turizm bo‘yicha jahon tashkiloti tomonidan madaniy turizm bo‘yicha maxsus elchi etib tayinlangan. Shuningdek, u Afrika jahon merosi jamg‘armasi homiysi hisoblanadi. Al-Ananiy arab, fransuz va ingliz tillarida so‘zlasha oladi.

Xolid Al-Ananiy UNESCO'ning 12-Bosh direktori bo‘lib, ushbu lavozimni egallagan birinchi arab va ikkinchi afrikalik shaxsdir. Afrika qit’asidan avvalgi yagona bosh direktor – Amadu Maxtar Mbou (Senegal, 1974–1987) bo‘lgan. Al-Ananiy o‘z vazifasini to‘rt yillik muddatga 15 noyabrdan boshlaydi.

UNESCO – BMTning ta’lim, fan, madaniyat, kommunikatsiya va axborot sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlik orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan ixtisoslashgan muassasasidir. Parijda joylashgan tashkilotning 54 ta mamlakatda idoralari mavjud bo‘lib, unda 2300 dan ortiq xodim ishlaydi.

UNESCO 2000 dan ziyod Jahon merosi ob’ektlari, Biosfera rezervatlari va Global geoparklarni, shuningdek ijodiy, ta’limiy, inklyuziv va barqaror shaharlar tarmoqlarini boshqaradi. Tashkilotning butun dunyo bo‘ylab 13 000 dan ziyod bog‘langan maktablar, universitet kafedralari va ilmiy markazlari bor. Unga 194 ta davlat a’zo.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand BMT UNESCO Xolid Al-Ananiyni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing