Salvadorda jinoyatchi 1335 yilga qamaldi

Olam

image

Salvadordagi Mara Salvatrucha (MS-13) jinoiy guruhi tarkibidagi 248 nafar ishtirokchiga nisbatan uzoq muddatli qamoq jazolari tayinlandi. Xususan, ulardan biri 1335 yilga qamalgan. Bu haqda Salvador Bosh prokuraturasiga tayanib, “The Guardian” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, yana 10 nafar jinoyatchi 463 yildan 958 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan. Hukmlar, jumladan, 43 ta qotillik va 42 ta odamning bedarak yo‘qolishi bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha chiqarilgan. Salvador Bosh prokuraturasi hukmlar qachon chiqarilgani va sud jarayonlari ommaviy tarzda o‘tkazilgan-yo‘qligini aniqlashtirmagan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Mara Salvatrucha (MS-13) va Barrio 18 guruhlari uch yil davomida taxminan 200 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Bir vaqtlar bu guruhlar Salvador hududining qariyb 80 foizini nazorat qilgan, mamlakat esa dunyodagi eng yuqori qotillik darajasiga ega davlatlardan biri bo‘lgan. Jinoyatchilar tadbirkorlardan ularga zarar yetkazmaslik evaziga pul talab qilgan, ayrim qurbonlar esa doimiy tahdidlar sabab biznesini butunlay to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

“The Guardian”ning eslatishicha, 2022 yil mart oyidan buyon Salvador Prezidenti Nayib Bukele favqulodda holat sharoitida jinoyatchi to‘dalarni qat’iy bostirish siyosatini boshlagan, bu esa sud orderisiz hibsga olish imkonini bergan. Shu vaqt ichida 90 ming kishi hibsga olingan, ulardan 8 ming nafari aybsiz deb topilib, ozod etilgan. Ushbu kampaniya mamlakatda qotilliklar sonining tarixiy minimumga tushishiga olib kelgan, biroq inson huquqlari tashkilotlari huquq-tartibot idoralarini vakolatni suiiste’mol qilishda ayblamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

jinoyatchi Sal'vador

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing