“Sabri baland qadri past ustozlar”. O‘qituvchi faqat O‘zbekistonda kaltaklanadimi?
Tahlil
−
19 aprel 2023
10439Kuni kecha media makonning o‘zbek segmentida Surxondaryo viloyatining Uzun tumanidagi 31-sonli maktab binosida erkak o‘qituvchining bir nechta ayol o‘qituvchilarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatib, ularni kaltaklagani aks etgan video xabarlar keng shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Voqeaga befarq bo‘lmaganlar erkak o‘qituvchining bu ishini, albatta, qattiq jazoga loyiq deb hisobladi. Agar ushbu holat dunyo mamlakatlarida yuz berganda, zo‘ravon erkakka nisbatan qanday chora ko‘rilgan bo‘lardi?
Ushbu maqolada rivojlangan mamlakatlarda o‘qituvchilarga nisbatan zo‘ravonliklarga ko‘riladigan chora va jazolar bilan tanishishingiz mumkin.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida zo‘ravonlik darajasi va o‘qituvchiga yetkazilgan zararga qarab, jarima, sinov muddati, jamoat ishlari yoki qamoqqa olish kabi bir qator jazolar qo‘llanilishi mumkin.
Buyuk Britaniyada o‘qituvchilarni tahqirlaganlar bir muddat ozodlikdan mahrum qilish jazosiga yoki katta miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.
Mamlakat maktab o‘qituvchilari milliy assotsiatsiyasining ayol o‘qituvchilari uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, Buyuk Britaniyada o‘qituvchilarning 44 foizi jismoniy, 72 foizi esa og‘zaki tahqirlangan.
Avstraliyada bu kabi holatlarda jarima, shartli jazo, jamoat ishlari yoki ozodlikdan mahrum qilish kabi bir qator jazolar qo‘llanilishi mumkin.
Hindistonda o‘qituvchiga nisbatan jismoniy tajovuz qilish intizomsizlik hisoblanadi va jinoyatchiga nisbatan maktabdan haydalish, hibsga olinish yoki jamoat ishlari kabi jazolar qo‘llanilishi mumkin.
Hindiston Milliy ta’lim tadqiqotlari va ta’lim kengashi (NCERPT) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, o‘qituvchilarning 53 foizi jismoniy tajovuzlardan tashqari og‘zaki haqorat va qo‘rqitish kabi psixologik zo‘ravonliklarga uchragan.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, jismoniy zo‘ravonlik — xotin-qizlarga nisbatan og‘irligi turli darajada bo‘lgan tan jarohatlari yetkazish, xavf ostida qoldirish, hayoti xavf ostida bo‘lgan shaxsga yordam ko‘rsatmaslik, zo‘ravonlik xususiyatiga ega boshqa huquqbuzarliklar sodir etish, jismoniy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazishning o‘zga choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali xotin-qizlarning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan zo‘ravonlik shakli hisoblanadi.
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
2023 yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan Davlat dasturida “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish vazifasi qo‘yilgan. Unda pedagog xodimlarni ijtimoiy, huquqiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash va ularga zarur shart-sharoit yaratish ta’lim va tarbiya jarayonining sifatini oshishida alohida ahamiyatga ega ekani va rivojlangan xorijiy davlatlarda ham pedagog xodimning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasi qonun darajasida belgilangan.
Surxondaryoda yuz bergan holatga qaytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respubikasi Bosh prokuraturasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, ayol o‘qituvchilarga kuch ishlatganlikda ayblanayotgan 34 yoshli erkak o‘qituvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 277-moddasiga ko‘ra, bezorilik, ya’ni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha zarar yetkazish bilan bog‘liq holda sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 aprel kuni soat 12:00 da Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi 31-sonli maktabdagi direktor xonasida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda 34 yoshli erkak (o‘qituvchi) ikki nafar ayol o‘qituvchilar bilan janjallashib, ularga tan jarohati yetkazgan edi. Mazkur holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova munosabat bildirib, erkak o‘qituvchi huquq tartibot organlari tomonidan nazoratga olingani va jazosiz qolmasligini aytgan edi. Shuningdek, u holat shaxsan o‘zining nazorati ortida ekanligi hamda o‘qituvchilar uchun bu holatga tushish uyat ekani ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi