“Sabr kosam to‘lmoqda”. Tramp Rossiyaga og‘ir sanksiyalar bilan tahdid qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyaga juda qattiq sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qildi. Bu haqda u “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Amerika Prezidentining iddao qilishicha, u urushlardan juda charchagan va shu bilan birga, Rossiya rahbari Vladimir Putinga nisbatan “sabr kosasi to‘lib bormoqda”. 

Oq uy rahbari ehtimoliy chora sifatida banklar, neftga qarshi sanksiyalar hamda bojlarni tilga olgan. Tramp Hindistonning Rossiya neftini xarid qilgani uchun bu davlat importiga qo‘shimcha 50 foizlik boj joriy etganini eslatib o‘tgan. 

“Putin mojaroni hal qilishni xohlasa, Zelenskiy xohlamadi. Zelenskiy xohlasa, Putin xohlamadi. Endi Zelenskiy xohlayapti, Putinning javobi esa so‘roq ostida”, degan Tramp. 

AQSH Savdo vaziri Govard Lyutnikning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston bilan savdo kelishuvi uchun asosiy talab Rossiya neftidan voz kechishdir. Uning tushuntirishicha, Nyu-Dehli Rossiya neftini 7–10 dollar arzonroq narxda olib, uni qayta ishlaydi va butun dunyoga sotadi.

Moskva doimgidek barcha sanksiyalarni noqonuniy deb hisoblab, ularni bekor qilishni talab qilib kelmoqda. 

Shu nuqtada Putin va Zelenskiyning uchrashuvi borgan sari mavhumlik ostida qolmoqda. Mamlakat yetakchilari bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan shartlarni o‘rtaga tashlamoqda. Rossiya rahbari Vladimir Putin 3 sentyabr kuni Xitoyga to‘rt kunlik safari yakunida Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan Moskvada uchrashishga tayyorligini bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy rozi bo‘lsa, muzokaralar Moskvada o‘tkazilishi mumkin. Shu bilan birga, u bunday tashabbus AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilganini ham qayd etgan. Ammo kutilganidek, bu taklif Ukraina tomonidan keskin rad etildi. Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga X tarmog‘idagi sahifasida Putinning muzokara o‘tkazish uchun Moskvaga chorlovini qabul qilib bo‘lmaydigan taklif, deya atagan. Zelenskiyning o‘zi ham Putinning taklifini “amalga oshirib bo‘lmaydigan” ish deya baholagan va rad etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Rossiya uchuvchisiz samolyotlarining Polsha havo hududiga bostirib kirishini qoralar ekan, bu beixtiyor, xato tufayli sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan va nima bo‘lganda ham u bu ishlar, umuman, urush davom etayotganidan rozi emasligini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Hindiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing