Rossiyalik strimer Qozog‘istondan haydab chiqarildi (video)
Olam
−
19:28 671 2 daqiqa
Qozog‘iston shaharlarining hududiy yaxlitligi va davlatga tegishliligini shubha ostiga olgan rossiyalik strimer Qozog‘istondan haydab chiqarildi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda va Twitch platformasida Fasoollka taxallusi bilan tanilgan rossiyalik strimerning Qozog‘iston hududida olib borgan to‘g‘ridan to‘g‘ri translyatsiyalaridan lavhalar tarqaldi. O‘z efirlari davomida u tizimli ravishda Qozog‘iston sha’niga provokatsion va ig‘voli fikrlar bildirgan, xususan, Qozog‘iston shaharlarining hududiy yaxlitligi va davlatga tegishliligini shubha ostiga olgan. Bloger o‘z nutqida Qozog‘iston fuqarolari, madaniyati va an’analariga nisbatan past nazar bilan qaraluvchi stereotiplarni urg‘ulagan.
Iyun oyi boshida Guzayeva Qozog‘istonga kelgan va bir necha bor to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga chiqqan. Strimlar vaqtida u mamlakat va unda yashovchi aholi sha’niga haqoratli fikrlar bildirgan.
“Qozog‘iston xuddi Hindistonga o‘xshaydi, u yerda huquqlar yo‘q, to‘g‘rimi? Xohlaganingcha yurishing mumkinmi?” degan u efirlardan birida.
Boshqa bir efirda esa shunday so‘ragan:
“Qozog‘istonda qiz bola necha yoshdan “yaroqsiz” bo‘lib qoladi? 13 yoshdanmi?”
Ijtimoiy tarmoqlarni monitoring qilish jarayonida politsiya xodimlari tomonidan uning strimlariga huquqiy baho berilgan.
“Xorij fuqarosi sud qarori bilan jarima ko‘rinishidagi ma’muriy javobgarlikka tortildi. Qonunda belgilangan tartibda uning mamlakat hududidan chiqib ketishi bo‘yicha choralar ko‘rildi. Qonunchilikka muvofiq, uning Qozog‘istonga kirishi besh yil muddatga cheklanadi”, deya xabar berdi Astana politsiya departamenti.
Politsiya Qozog‘iston xorijiy fuqarolar va mehmonlar uchun ochiq ekanini, biroq mamlakat hududida bo‘lish qonunchilikka so‘zsiz rioya qilishni, shuningdek, mamlakatga, uning fuqarolariga va umume’tirof etilgan xulq-atvor normalariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qilishini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskva metrosida provokatsion videolar suratga olib, ularni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib kelgan o‘zbekistonlik bloger politsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi