Energetika vazirligi Rossiya kompaniyasi bilan kelishuv mazmunini ochiqladi

Jamiyat

image

Avvalroq O‘zbekiston va Rossiya kompaniyasi o‘rtasida gaz bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolangani haqida xabar berilgandi. Imzolangan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq, tomonlar o‘rtasida tuzilgan ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarni va o‘rganishni kelishib oldi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ishchi guruh texnik jihatdan barcha ishlarni yakunlagandan so‘ng, Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha asosiy shartlar muhokama qilinadi.

“Shuni alohida ta’kidash lozimki, olib borilgan muzokaralar hamda “yo‘l xaritasi”da O‘zbekistonning mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda ichki bozorga tabiiy gaz zarur miqdorlarda yetkazib berish maqsad qilingan. Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston bilan ham gaz sanoatida hamkorlik qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolangan edi.

2022 yilning 28 noyabrida esa Rossiya va Qozog‘iston prezidentlari Vladimir Putin va Qosim-Jomart To‘qayev Kremldagi uchrashuvda O‘zbekiston bilan “uch tomonlama gaz ittifoqi”ni tuzishni muhokama qilgan edi. Ko‘plab o‘zbekistonlik iqtisodchilar esa bunday ittifoq O‘zbekiston manfaatlariga zid ekanini aytib, e’tiroz bildirgan.

Shuningdek, ko‘p o‘tmay Qozog‘iston Rossiya va O‘zbekiston uchligida gaz ittifoqi tuzilishiga qarshi ekanini bildirib chiqqan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

gaz Rossiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing