Rossiyadagi jinoyatlarning 2 foizini migrantlar sodir qilgan – Shoygu
Olam
−
26 aprel 4431 2 daqiqa
Rossiyada migrantlar mamlakatdagi umumiy jinoyatlarning taxminan 2 foizini sodir etadi. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu TASS nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“O‘tgan yil oxiridagi holatga ko‘ra, Rossiyada 6,3 million, 2023 yilda esa 5,9 million chet el fuqarosi bo‘lgan. Shu bilan birga, ular tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni deyarli o‘zgarmagan va 38,6 mingtani tashkil etgan. Bu mamlakatda ro‘yxatga olingan jami jinoyatlarning taxminan 2 foizini tashkil etadi”, degan Xavfsizlik kengashi kotibi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Federatsiyasida qonuniy yashash muddatini o‘tab bo‘lgan shaxslarning ulushi 10 foizdan oshgan. Chet el fuqarolariga nisbatan 3,4 mln ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar tuzilgan.
“Sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi munosabati bilan 1,5 mingga yaqin kishi Rossiya fuqaroligidan mahrum etildi”, deya qo‘shimcha qilgan Shoygu.
Xavfsizlik kengashi kotibi, shuningdek, mamlakatdagi jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatga batafsil izoh bergan.
“Jamoat xavfsizligini mustahkamlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar jinoiy xatti-harakatlar darajasini pasaytirishga yordam beradi. 2024 yilda 1,9 million jinoyat qayd etilgan. 2023 yilga nisbatan pasayish 1,8 foizni tashkil etdi. Umuman olganda, bizda jinoyatchilik darajasini pasaytirish bo‘yicha ko‘p yillik barqaror tendensiya shakllangan”, degan u o‘z intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada markaziy osiyolik ikki kishi o‘ldirilgandi. Ular Nijniy Novgorod viloyatidagi neft-kimyo korxonasiga qarshi terrorchilik harakatini tayyorlaganlikda gumon qilingan. Dastlabki hibsga olishga urinishda ular qarshilik ko‘rsatgan va otishmada otib tashlangan. Ularning Markaziy Osiyoning qaysi respublikasidan ekani haqida aniq ma’lumot berilmagan. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa Samarqandga tashrifi davomida o‘tkazgan matbuot anjumanida Rossiyaga borayotgan migrantlar rus tili va mamlakat qonunlarini bilishi kerakligini eslatdi.
Live
Barchasi