Rossiya vaqt sinovidan o‘tgan strategik sherik va ittifoqchi – Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
−
05 iyun 4646 2 daqiqa
Rossiya O‘zbekiston uchun mintaqadagi shunchaki qo‘shni emas, vaqt sinovidan o‘tgan strategik sherik va ittifoqchi. Bu haqda bugun, 5 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida so‘z ochdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda o‘zaro munosabatlar yangi davrga qadam qo‘ygan. Hamkorlik ko‘p darajali va ko‘p qirrali tus olgan.
Mahsulotlarning oddiy savdo-sotig‘idan murakkab sanoat zanjirlari, texnologik alyanslar, birgalikda loyihalashtirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qadar bo‘lgan yo‘l bosib o‘tilgan.
So‘nggi 10 yilda o‘zaro mahsulot aylanmasi uch barobardan ko‘proq – 4 milliard dollardan 13 milliard dollarga oshgan. Rossiya bilan hamkorlikdagi loyihalarning umumiy portfeli 50 milliard dollardan ortadi.
Ikki davlat hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil kengaymoqda. Amalga oshirilayotgan hududlararo loyihalar hajmi 5 milliard dollarni tashkil etadi, yana 5 milliard dollarlik investitsiyalar paketi tayyorlanmoqda.
“Energetika sohasidagi hamkorlikka alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Investitsiya loyihalari, jumladan, Rossiya ishtirokidagi loyihalar hisobidan biz elektr energiyasi ishlab chiqarishni bir yarim barobar – 58 milliard kilovatt-soatdan 87 milliard kilovatt-soatga oshirdik.
2030 yilgacha generatsiyani 120 milliard kilovatt-soatgacha ko‘paytirishni rejalashtirmoqdamiz. Uning 54 foizini qayta tiklanadigan energiya manbalari tashkil etadi.
Bizning energetika sohasidagi quvvatlarimiz, shuningdek, O‘zbekistonda Rossiya ishtirokida birinchi gibrid atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi hisobidan ham ortadi.
Kecha AES qurilishining birinchi poydevorini qo‘yish marosimida qatnashdik. Biz uchun bu uzoq muddatli rivojlanish, yangi muhandislik maktabini tayyorlash va ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirishga qaratilgan loyihadir.
Atomdan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha boshqa sohalar – tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ilm-fanda ham hamkorlikda ish olib borish niyatidamiz”, deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev ushbu forumda O‘zbekiston va umuman, Markaziy Osiyo mustaqil iqtisodiy o‘sish markaziga aylanayotganini aytgan edi.
Live
Barchasi