O‘zbekiston mustaqil iqtisodiy o‘sish markaziga aylanmoqda – Shavkat Mirziyoyev

Jamiyat

image

O‘zbekiston va umuman, Markaziy Osiyo mustaqil iqtisodiy o‘sish markaziga aylanmoqda. Bu haqda bugun, 5 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida so‘z ochdi.

O‘zbekiston rahbari Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga mazkur forumga taklif etgani va samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirgan. Tanzaniya Prezidenti Samiya Suluhu Hasanni, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi o‘rinbosari Xan Chjenni qutlagan.

“O‘zining o‘ttiz yillik faoliyati davomida jahon miqyosidagi eng muhim masalalar yuzasidan fikr almashish bo‘yicha nufuzli va zarur muloqot maydonlaridan biriga aylangan Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ishtirok etish men uchun katta sharafdir.

O‘zbekiston bilan tarix, ma’naviy yaqinlik va insoniy taqdirlar orqali bog‘langan Rossiyaning madaniy poytaxti – Sankt-Peterburg shahrida bugun yana bir bor bo‘lib turganimdan g‘oyat xursandman.

Urushning og‘ir yillarida ko‘plab o‘zbekistonliklar Leningrad mudofaasida qatnashgan, Toshkent esa bir yarim million nafardan ortiq evakuatsiya qilingan bolalar, ayollar va keksalarga boshpana bergan edi. Bu haqdagi xotira umumiy ma’naviy makonimizning bir qismi bo‘lib qolmoqda”, deydi Prezident.

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi O‘zbekiston ming yillar davomida Buyuk ipak yo‘lining yuragi bo‘lib kelganini qayd etgan. Shu bilan birga, Samarqand, Buxoro va Toshkent orqali nafaqat mahsulotlar tashilgan, balki g‘oya va bilimlar, madaniy va diniy an’analar bir-birini o‘zaro boyitib kelganini qayd etgan.

“Shuning uchun ham ochiqlik biz uchun doimo tanlov emas, balki hayotiy zarurat va sivilizatsiya kodi hisoblangan. Hozirgi kunda u yangicha ma’no-mazmun kasb etib bormoqda.

O‘zbekiston va umuman, Markaziy Osiyo mustaqil iqtisodiy o‘sish markaziga aylanmoqda. Bu mintaqada kelajakning transport, texnologiya va demografiya sohalaridagi qiyofasi namoyon bo‘lmoqda. Ushbu makonda Shimol va Janub, G‘arb va Sharq o‘rtasidagi asosiy kommunikatsiyalar chorrahasi shakllanmoqda.

Kuchayib borayotgan ayni tendensiyani yanada mustahkamlash uchun bizga sifat jihatidan yangi darajadagi bog‘liqlik nihoyatda zarur. Bu o‘rinda nafaqat an’anaviy transport-logistika va energetika yo‘laklarini birlashtirish, balki raqamli, to‘lov va ishlab chiqarish infratuzilmalarini integratsiya qilish haqida ham so‘z bormoqda. Kuchli, birlashgan, iqtisodiy jihatdan bog‘langan, ochiq va barqaror Markaziy Osiyo barcha sheriklarimizning strategik manfaatlariga javob beradi”, deydi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish ishlariga start bergani haqida xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing