Rossiya Polshaning dronlar bo‘yicha “ayblovlari”ga javob qaytardi
Olam
−
10 Sentabr 16714 2 daqiqa
Ukrainadagi nishonlarga tungi zarbalar paytida “Polshada hech qanday nishonni yo‘q qilish rejalashtirilmagan”. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, rasmiy Moskva Polsha Mudofaa vazirligi bilan dronning kelishi “mavzusida” maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyor. Vazirlikning ta’kidlashicha, zarbada qo‘llangan rus dronlarining maksimal parvoz masofasi 700 kilometrdan oshmaydi.
10 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya harbiylari Ivano-Frankovsk, Xmelnitskiy, Jitomir viloyatlari, shuningdek, Vinnitsa va Lvov shaharlaridagi Ukraina harbiy-sanoat kompleksi korxonalariga uzoq masofali aniqlikdagi qurollar va uchuvchisiz uchoqlar yordamida yirik zarba berdi.
Polsha Qurolli kuchlari operativ qo‘mondonligi mamlakat hududiga uchib kelgan bir nechta dronlar yo‘q qilingani haqida xabar berdi. Mamlakat Bosh vaziri Donald Tusk dronlar Rossiyaga tegishli ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar “to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf tug‘diruvchi” dronlarni urib tushirgan.
Shundan so‘ng Polsha Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning muvaqqat ishlar vakili Andrey Ordashni chaqirtirdi. Diplomat Polsha rasmiylarining dronlarning Rossiyaga qarashli ekani haqidagi bayonotlarini asossiz deb atadi va bu xabarlar hech qanday dalil bilan tasdiqlanmasligini ta’kidladi.
Tusk NATO ittifoqchilari va NATO Bosh kotibi Marko Ryutte bilan doimiy aloqada ekanini aytdi. U ittifoqchilar bilan ittifoq nizomining 4-moddasi bo‘yicha maslahatlashishni so‘radi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron dronlarning Polsha havo hududida paydo bo‘lishida Rossiyani ayblagan bo‘lsa, Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas dronlarning Polsha osmonida “tasodifan” paydo bo‘lganiga shubha qildi. Biroq “Reuters” agentligining NATOdagi manbalariga tayanib xabar berishicha, alyans hodisani hujum deb hisoblamaydi.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, provokatsiyalarda ayblovlar har kuni aytiladi, biroq Yevropa Ittifoqi va NATO ko‘pincha dalillar keltirishga “hatto urinmaydi”. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kremlga Polsha rasmiylaridan dronlar bilan bog‘liq aloqalar bo‘yicha hech qanday so‘rov borib tushmagan.
Ma’lumot uchun, Polsha armiyasi 2022 yildan buyon yuqori jangovar shaylik holatida. O‘shanda Ukraina raketasi tasodifan Polshaning bir qishlog‘iga tushib, ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Biroq hozir Varshava o‘z hududida havo ob’ektlariga qarshi qurol qo‘llanganini ilk bor rasman ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kiyevdagi Ukraina hukumati binosi Rossiyaning Ukrainaga agressiyasi boshlanganidan beri birinchi marta dushman hujumidan zarar ko‘rgani haqida xabar berilgan edi. Rada deputati Yaroslav Jeleznyakning aniqlik kiritishicha, hukumat binosining yuqori qavatida Bosh vazirning idorasi va Ukraina hukumatining majlislar zali joylashgan. Kiyevdagi hukumat binosidagi yong‘in vertolyot yordamida o‘chirilgan.
Live
Barchasi