Rossiya Norvegiya qaroriga qat’iy javob qaytarmoqchi
Olam
−
27 avgust 2025 15473 1 daqiqa
Agar Norvegiya ikki rus kompaniyasiga o‘z suvlarida baliq ovlashni taqiqlash qarorini qayta ko‘rib chiqmasa, Rossiya Norvegiyaning baliq ovlash kemalarini o‘zining iqtisodiy hududiga kiritmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Rossiya Federal baliq xo‘jaligi agentligining rahbari Ilya Shestakov bayonot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon Norvegiya dengizlarida baliq ovlash va kvotalarni taqsimlash Rossiyaning milliy manfaatlaridan kelib chiqib amalga oshirilishi kerak. Shestakov Norvegiyaning bu qarorini Shimoliy Atlantikadagi baliqchilikni boshqarish tizimini izdan chiqaruvchi qadam, deya baholagan. Rossiya va Norvegiya o‘rtasidagi baliqchilik bo‘yicha qo‘shma komissiya 1976 yildan beri faoliyat yuritib keladi. Tomonlar hatto Sovuq urush davrida ham majburiyatlardan voz kechmagan edi.
Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqi 2025 yilning may oyida Rossiyaga tegishli “Norebo” va “Murman SiFud” kompaniyalarining kemalariga sanksiya joriy qilib, ularning josuslikka oid texnologiyalardan foydalangani haqida bayonot bergan. Iyul oyida esa Norvegiya ham ushbu cheklovlarga qo‘shilib, rus kemalariga o‘z portlariga kirish, ta’mirlash va baliq tushirishni taqiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning “Ursa Mayor” yuk kemasi O‘rta Yer dengizida Ispaniya va Jazoir o‘rtasida cho‘kib ketgandi.
Live
Barchasi