Rossiya maktablariga migrant bolalarning qabuli keskin kamaydi
Olam
−
20 avgust 2025 2113 2 daqiqa
Rossiya maktablariga qabul kampaniyasi yakunlanmoqda. Davlat Dumasining spikeri Vyacheslav Volodin o‘zining Telegram-kanalida dastlabki natijalarni e’lon qildi.
Uning aytishicha, qonunga muvofiq, migrantlarning farzandlari rus tilini bilmasdan, shuningdek, ota-onaning mamlakat hududida qonuniy bo‘lishi tasdiqlanmagan taqdirda maktablarga qabul qilinmaydi.
“Boshlang‘ich va o‘rta sinflarga qabul natijalari bir qator hududlarda xorijiy fuqarolar bolalarining o‘qishga qabul qilinishi sezilarli darajada qisqarganini ko‘rsatmoqda”, deydi Volodin.
U bunga quyidagi omillar sabab bo‘lganini ma’lum qildi:
- taqdim etilgan hujjatlarning to‘liq emasligi yoki yolg‘onligi, jumladan, Rossiyada qonuniy yashashni tasdiqlovchi hujjatning yo‘qligi;
- rus tilidan test sinovlarini qoniqarsiz topshirish.
Masalan, Nijegorod viloyatida xorijiy fuqarolar tomonidan maktabga qabul uchun topshirilgan arizalar soni qariyb 10 baravar, Voronej viloyatida esa 7 baravar kamaygan. Kaluga viloyatida 91 migrant boladan 55 nafari rus tilini yetarli darajada bilishini tasdiqlay olmagan, Sverdlovskda 66 dan 53 nafari, Tula viloyatida 62 dan 32 nafari, Komi Respublikasida 14 dan 11 nafari, Qrim Respublikasida esa 10 dan 4 nafari testdan o‘ta olmagan. Tataristonda esa har o‘ninchi xorijlik bola imtihondan yiqilgan.
Volodinning so‘zlariga ko‘ra, rus tilini bilmaslik o‘quv jarayoniga ham, o‘quvchining sinf jamoasiga moslashuviga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, 2026 yilning yanvaridan boshlab ta’lim boshqaruvi organlari bilan Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida migrant bolalar va ularning oilalari haqida avtomatik ma’lumot almashish tizimi ishga tushadi. Bu Rossiyada yashayotgan chet ellik fuqarolarni hisobga olish va nazorat qilish samaradorligini oshirishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rus tilini bilmaydigan migrant bolalarning maktablarda o‘qishini taqiqlovchi qonunni imzolagandi. Ushbu loyiha chet el fuqarolari farzandlarining Rossiya ta’lim tizimida o‘qishi, shu jumladan, til diagnostikasi va moslashtirish dasturlarini o‘rganishiga qaratilgan. Monitoring Rossiya Ta’lim vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan.
Joriy yilning 1 aprelidan boshlab migrantlarning bolalari maktablarga qabul qilinishidan oldin rus tili bo‘yicha test topshirishi joriy etilgan.
Live
Barchasi