Rossiya Finlyandiya yaqinidagi mudofaani kuchaytirishni rejalashtirmoqda
Olam
−
10 aprel 2023
5854Rossiya Ukrainadagi urushda yangi tajriba orttirgandan so‘ng havo hujumidan mudofaa kuchlarini tubdan ta’mirlashni rejalashtirmoqda, shuningdek, Finlyandiyaning NATO harbiy ittifoqiga qo‘shilishi fonida qarshi hujumlarga tayyor turish uchun havo mudofaasini kuchaytirmoqchi. Bu haqda Rossiya Aerokosmik kuchlari Bosh qo‘mondoni o‘rinbosari general-leytenant Andrey Deminga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Ma’lumki, 2022 yilning 24 fevralida Ukrainada urush boshlangandan beri Rossiyaning ham, Ukrainaning ham havo hujumiga qarshi mudofaasini sinovdan o‘tkazgan bir qancha dron va raketa hujumlari bo‘ldi. Andrey Demin esa Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukraina zarbalari oldida bir qator qiyinchiliklarga duch kelganini tan oldi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya nazorati ostidagi Ukraina hududlarida asosiy inshootlarni himoya qilish uchun havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari tashkil etilgan. Rossiya 50 dan ortiq mobil radiolokatsion stansiyalar va A-50 erta ogohlantiruvchi va nazoratchi samolyotlarining kuniga 24 soatlik patrul xizmatini yo‘lga qo‘ygan. Shu bilan birga Ukrainaga yaqin hududlarda raketa va zenit qurilmalari mustahkamlangan.
“Islohotlar rejalashtirilgan va shubhasiz, amalga oshiriladi. Bo‘lajak o‘zgarishlarning maqsadi – Rossiya Federatsiyasining havo hujumidan mudofaa tizimini takomillashtirishga qaratilgan qurolli kuchlarni rivojlantirish”, deydi Rossiya Aerokosmik kuchlari Bosh qo‘mondoni o‘rinbosari.
Shuningdek, u Rossiya bilan 1300 kilometrlik chegaraga ega bo‘lgan Finlyandiyaning NATOga qo‘shilganidan keyin rasmiy Moskva shu hududdagi mudofaa tizimini mustahkamlashga qaror qilganini ta’kidlagan.
“Bunday sharoitda havo hujumidan mudofaa kuchlari mamlakat shimoli-g‘arbidagi davlat chegarasini yuqori xavf darajasiga muvofiq himoya qilish masalalarini ishlab chiqmoqda”, degan general-leytenant Andrey Demin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 aprel kuni Finlyandiya NATO safiga rasman qabul qilingandi. 5 aprel kuni esa Finlyandiya Isroilga David's Sling raketaga qarshi mudofaa tizimini sotib olish uchun buyurtma berdi. 7 aprel kuni esa NATOga Finlyandiyani qo‘shilishi bilan o‘zgargan alyansning sharqiy qanotida yangi mudofaa va to‘siq arxitekturasi ishlab chiqilyotgani aytilgandi.
LiveBarchasi