Respirator kasalliklar xavotirli emas – Nurmat Otabekov
Jamiyat
−
26 noyabr
2721Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda xavfli virus tarqalayotgani va kasallik ko‘proq bolalarga ta’sir qilib, ularda pnevmoniyani keltirib chiqarayotganiga doir xabarlar tarqalmoqda. Biroq havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan respirator kasalliklar mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, kuz-qish davrida ularning ko‘tarilishi kuzatiladi va bundan zinhor xavotirga tushish kerak emas. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
SSV xabariga ko‘ra, odatda o‘tkir respirator kasalliklar bir necha klinik belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Dastlab burun shilliq qavatida qichishish, keyinchalik hid bilish qobiliyati qisman pasayishi, aksirish, burun oqishi kuzatiladi. Navbatdagi bosqichda tomoqda achishish, qurish, og‘riq, ovoz bo‘g‘ilishi va quruq yo‘tal paydo bo‘lishi mumkin. Kasallikdan tuzalish bosqichida esa balg‘am ko‘chishi, xastalikning yumshashi, yo‘tal chog‘ida og‘riqlar pasayishi singari holatlar qayd etiladi.
“Yangi viruslar paydo bo‘ldi, degan xabarlarga kelsak, mana, hozirgacha dunyoda koronavirusning 45 mingga yaqin mutatsiyalari yuzaga keldi va hamon bu jarayon to‘xtagani yo‘q. Biroq o‘tgan davrda ulardan faqat 10-15 tasi kasallik chaqirdi, xolos. Shu ma’noda, mutatsiyalardan vahima yasash kerak emas. Bugungi kunda mamlakatimiz hududida tibbiyot uchun notanish va noma’lum bo‘lgan viruslar aylanib yurishi qayd etilgani yo‘q. Balki aniqlanayotgan kasalliklarning aksariyati mavsumiy respirator xastaliklardir”, deya ta’kidlagan Sanepidqo‘mita rasmiysi.
U, shuningdek, buning oldini olish va epidemiologik vaziyat barqarorligini ta’minlash uchun bemorlar jamoat joylariga chiqishdan, odamlar bilan muloqotdan imkon qadar o‘zlarini cheklashi, ijtimoiy masofa saqlashi, ayniqsa bemorlar va ularning parvarishi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar tibbiy niqobda bo‘lishini tavsiya qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilfuza Rasulova Toshkent shahrida joylashgan barcha davolash-profilaktika muassasalarida qo‘shimcha bemor o‘rinlari tashkil etilganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi