“Real” Venesueladagi zilzila qurbonlari uchun 2 mln yevro ajratdi
Sport
−
30 iyun 1237 1 daqiqa
Ispaniyaning “Real Madrid” klubi hamda uning prezidenti Florentino Peres Venesuelada sodir bo‘lgan kuchli zilzilalar oqibatida jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun jami 2 million yevro xayriya qiladi. Bu haqda klub rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Ma’lumotga ko‘ra, “Real Madrid” zilzilalardan jabr ko‘rgan aholi va og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 million yevro ajratadi. Klub prezidenti Florentino Peres esa ushbu mablag‘ni shaxsan yana 1 million yevroga oshirib, umumiy xayriya miqdorini 2 million yevroga yetkazdi.
Shuningdek, “Real Madrid” jamg‘armasi Qizil Xoch bilan hamkorlikda jabrlanganlar uchun mablag‘ yig‘ish kampaniyasini ham boshladi.
“Real Madrid”da biz ushbu og‘ir kunlarda Venesuela xalqiga chuqur hamdardligimizni, qo‘llab-quvvatlashimiz va birdamligimizni bildiramiz”, deyiladi klubning rasmiy bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuelada hafta o‘rtasida sodir bo‘lgan ikki kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni qariyb 1500 nafarga yetgani haqida xabar berilgandi.