Rasman! Diomande “Real” safiga qo‘shildi
Sport
−
19:31 694 2 daqiqa
Kot-d’Ivuar terma jamoasi yarim himoyachisi Yan Diomande Germaniyaning “RB Leypsig” klubidan Ispaniyaning “Real Madrid” jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda madridliklar matbuot xizmati rasman ma’lum qildi.
Futbolchi bilan tuzilgan shartnoma 2033 yil 30 iyunga qadar amal qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Real Madrid” Diomande uchun “RB Leypsig”ga 125 million yevro hamda qo‘shimcha 15 million yevro bonus to‘laydi. Shu tariqa, bu transfer klub tarixidagi eng qimmat bitimga aylandi.
Diomande transferi, shuningdek, Afrika futboli tarixidagi eng qimmat transfer sifatida ham qayd etildi. Bu boradagi avvalgi rekord 2019 yildan beri Kot-d’Ivuarlik Nikolya Pepega tegishli edi. U o‘sha yili Fransiyaning “Lill” klubidan Angliyaning “Arsenal” jamoasiga 80 million yevro evaziga ko‘chib o‘tgan.
Diomande “Real Madrid”ning joriy transfer oynasidagi oltinchi yangi futbolchisi bo‘ldi. Undan avval jamoa Ibrahima Konate, Denzel Dumfris, Mark Kukurelya, Bernardu Silva va Karlos Espini o‘z safiga qo‘shib olgan edi.
Ma’lumot uchun, 19 yoshli Diomande 2025 yil yozida Ispaniyaning “Leganes” klubidan “RB Leypsig” safiga o‘tgan edi. U nemis klubi tarkibida barcha musobaqalarda 36 ta uchrashuvda ishtirok etib, 13 ta gol urdi va 10 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Kot-d’Ivuar terma jamoasi safida esa 14 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol va 1 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan. Shuningdek, 2026 yilgi Jahon chempionatida 4 ta uchrashuvda qatnashib, bitta gol urgan.
Live
Barchasi