Putin yana harbiy kiyimda. U “Zapad-2025” mashg‘ulotlarida ko‘rinish berdi
Olam
−
17 Sentabr 2025 6122 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 16 sentyabr kuni “Zapad-2025” mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan hududga harbiy kiyimda bordi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Rossiya Federatsiyasi Oliy Bosh qo‘mondoni Nijniy Novgorod viloyatidagi mashg‘ulotlarning asosiy bosqichi o‘tkazilgan Mulino poligoniga bordi. Putin egnida “Rossiya Federatsiyasi Prezidenti” va “Putin V.V.” nishonlari bo‘lgan, pagonlari bo‘lmagan esa dala formasida edi.
Rossiya va Belarus o‘rtasidagi “Zapad-2025” mashg‘ulotlari 12-16 sentyabr kunlari 41 poligonda bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlarda 100 ming harbiy xizmatchi qatnashdi, 10 mingga yaqin texnika va turli qurol tizimlari jalb etilgan.
Mashqlarning mavzusi ittifoq davlatining harbiy xavfsizligini ta’minlash manfaatlari yo‘lida qo‘shin guruhlarini qo‘llashdan iborat. Belarus va Rossiya harbiy xizmatchilari havo hujumlarini qaytarish va dushmanning sabotaj guruhlariga qarshi kurashni mashq qildi. Kremlning ta’kidlashicha, mashg‘ulotlar rejalashtirilgan tarzda o‘tkazilgan va hech kimga qarshi qaratilgan emas.
“Zapad-2025” mashg‘ulotlarida strategik bo‘lmagan yadro qurollaridan foydalanishni rejalashtirish va yil oxirigacha Belarusga yetib borishi kerak bo‘lgan “Oreshnik” majmuasini joylashtirish amaliyoti o‘tkazildi.
Belarus armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i Pavel Muraveyko mashg‘ulotlarda strategik bo‘lmagan yadroviy qurollardan foydalanishni rejalashtirish ham borligini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, "Oreshnik" mobil raketa tizimi baholandi va joylashtirildi. Uning ishontirishicha, mashg‘ulotlar davomida har ikki davlat harbiylari oldiga qo‘yilgan “barcha vazifalar” bajarilgan.
Bundan tashqari, birinchi marta Rossiya va Belarus harbiylari dronlarni jangovar sharoitlarda qo‘llash bo‘yicha to‘plangan tajribani tizimlashtirdi.
Belarus Mudofaa vaziri Viktor Xreninning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar birinchi marta uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish va ularga qarshi kurashish masalalarini tizimlashtirish va ishlab chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Uning qo‘shimcha qilishicha, “ushbu mashg‘ulotlar tizimida kuchliroq qirg‘in qurollaridan foydalanish masalalarini rejalashtirish mumkin edi”.
Live
Barchasi