Prezident qarori Hukumatning daraxtlar ustidagi arrasini o‘tmas qildi

Jamiyat

image

2026 yil 1 martdan boshlab tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan ozod qilish tarzida imtiyoz berish bilan bog‘liq barcha qonunchilik hujjatlari va huquqiy kuchga ega ko‘rsatmalar o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblanadi hamda ushbu masalada imtiyoz berish faqat qonun orqali amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bugun, 19 noyabr kuni imzolangan “Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda so‘z borgan. 

Qayd etilishicha, endilikda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilishni istisno qilish yoki rioya etmasdan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, shu jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasini berish, daraxt va butalarni kesish va ko‘chirishni nazarda tutuvchi Hukumatning qaror, farmoyish, bayonnoma va yozma topshiriqlarini hamda idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining hujjatlarini qabul qilish qat’iy taqiqlanadi.

Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni (elektroshok qurilmalarini) va xizmat qurolini (rezina o‘qli, to‘r otuvchi) qo‘llash huquqi beriladi hamda ularning maxsus kiyimiga bodi kameralar o‘rnatiladi. 

Qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar Ekopolitsiya xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va xizmat qurolini qo‘llash tartibiga O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan asoslar va shartlar tatbiq etiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyi oxirida Toshkentning Yakkasaroy tumani Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasidan boshlab avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan jami 174 tup daraxt va buta moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlangani, bu orqali tabiatga 1 mlrd 460 mln 952 ming so‘m zarar yetkazilgandi.

O‘shanda Ekologiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev ushbu holat haqida bong urib, daraxtlar Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning o‘sib turgan daraxtlar o‘rniga boshqa daraxtlar ekish to‘g‘risidagi topshirig‘iga asosan, obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tungi vaqtda kesib tashlanganini aytib chiqqandi.

Ammo daraxtlar qirg‘ini ortidan Rahmonovga hech qanday chora ko‘rilmadi, u yana suvdan quruq chiqdi. 8 noyabr kuni obodonlashtirish boshqarmasi mansabdorlari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismiga (o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lishi) asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi. 

“Qizig‘i, daraxt kesish topshirig‘ini bergan shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov yana suvdan quruq chiqmoqda. Uning o‘rniga topshiriqni bajargan, “tanka”si yo‘q obodonlashtirish xodimlari javob beradigan ko‘rinadi. Mana bu haqiqiy nomardlik”, degan edi Ekologiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori daraxt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing