Prezident bo‘lolmagan, nom-nishonsiz ketgan nomzodlar
Jamiyat
−
10 iyul 2023
12920Bugun, 9 iyul kuni O‘zbekistonda muhim siyosiy jarayon – muddatidan ilgari prezidetlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Ertalab soat 8:00 dan boshlangan ovoz berish jarayonlarida saylash huquqiga ega 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etdi. Hammaning diqqat markazida esa bu yilgi saylovda prezidentlikka nomzodini qo‘yganlar. Ammo biz hozir ular haqida gapirmaymiz. Bizni ko‘proq qachonlardir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga da’vogarlik qilganlar, ammo bu orzusi amalga oshmay qolgan sobiq nomzodlar qiziqtirmoqda. Xo‘sh, ular qayerda? Nima qilyapti? Joriy saylovda ovoz berdimi? QALAMPIR.UZ oldingi saylovlarda o‘z nomzodini ilgari surganlarning 2023 yil prezidentlik saylovidagi ishtiroki aks etgan video va fotolarni jamladi.
Alisher Qodirov
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov joriy saylovda o‘zi yoki partiya a’zolaridan birini emas, Liberal-demokratik partiyadan vakil, amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev nomzodini ma’qullaganini ma’lum qilgan edi. U Toshkent shahar Mirobod tumanidagi 83-maktabda joylashgan saylov uchastkasida ovoz berdi. U o‘z suratini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylar ekan, mana bunday yozadi:
“Vatanim taraqqiyoti va xalqim farovonligi uchun ovoz berdim. Davlatim, millatim, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi va partiya, shubhasiz, to‘g‘ri yo‘lda, deb hisoblayman”.
Alisher Qodirovning o‘zi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, ovoz berib bo‘lishi bilan u xorijiy mehmonlar bilan safarga, Jizzaxga otlangan.
Qodirov 2021 yilgi prezidentlik saylovida “Prezidentlikka Alisher qodir” shiori bilan o‘z nomzodini ilgari surgan va boshqa yillardagiga nisbatan qiziqroq o‘tishiga hissa qo‘shgandi. Chunki 2021 yilgi saylovda prezident va odatiy notanish nomzodlardan farqli ravishda, garchi tushirgan “qovun”lari bilan mashhur bo‘lsa-da, Alisher Qodirovni odamlar yaxshi tanir edi.
Shuningdek, uning saylovoldi targ‘ibot bannerlari ham odatdagidan tamoman boshqacha, mutlaqo kreativ bo‘lgani uchun odamlar orasida yaxshigina muhokama qilingandi ham.
“Oqni oq, qorani qora deymiz. Haqiqatga tik boqamiz. Muammolarni tan olamiz va barchasini bugun o‘zgartiramiz. O‘zbekistonni o‘zgartirishga qodir — Alisher Qodirovga ovoz bering” deyilgandi uning saylovoldi targ‘ibot videoroligida.
Shuningdek, u saylovda har bir fuqaroning ovozi muhim ekanini aytib, odamlarni obdon saylovga chorlagandi ham. Ammo 2021 yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Qodirov – 5,48 foiz ovoz olib, 3-o‘rinni egallagandi, xolos. Shunday qilib u prezidentlikka qodir bo‘lmay qolgan.
Maqsuda Vorisova
O‘zbekiston “Xalq” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisining Deputatlik birlashmalarining ishini muvofiqlashtirish va Jamoatchilik qabulxonalari bilan ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Maqsuda Vorisova Uchtepa tumanidagi 201-saylov uchastkasida ovoz berdi.
U 2021 yilgi prezidentlik saylovida O‘zbekiston “Xalq” demokratik partiyasidan nomzod sifatida ko‘rsatilib, 6,63 foiz erishgandi va saylovda ikkinchi o‘rin sohibi bo‘lgandi. Ammo buni musobaqa emas – prezidentlik saylovi deb qo‘yibdi. Unda 2-3 o‘rinlar bo‘lmaydi, kumush va bronza berilmaydi. Bunda faqat birinchi o‘rin muhim. G‘olib esa Liberal-demokratik partiyadan nomzod Shavkat Mirziyoyev bo‘lgan. Natija 80,12 foiz. Ammo mazkur saylov aholi soni oshib borganiga qaramay, O‘zbekistonda eng kam fuqaro qatnashgan saylov edi.
Shunday bo‘lsa-da, 2021 yilgi prezidentlik saylovining bahslarga va tortishuvlarga boy bo‘lgan, ushbu tortishuvlar esa xuddi “barcha yo‘llar Rimga olib boradi” deganlaridek alal-oqibat Alisher Qodirovga kelib taqalardi.
Masalan, o‘tgan safargi saylovda Maqsuda Vorisova Alisher Qodirovni “Bugungi gapi ertaga to‘g‘ri kelmaydigan” odam deb atagandi.
“Bugungi gapi ertaga to‘g‘ri kelmaydigan “Milliy tiklanish”ning “so‘zamol” nomzodi har doimgidek oson, yengil yo‘l qidirayotganga o‘xshaydi. G‘oyaviy-mafkuraviy kurashning uddasidan chiqa olmagani uchun boshqa partiyalarning nomzodlariga, ularning shaxsiyatiga tashlanib ko‘rdi. Bahsli chiqishlardan keyin “Milliy tiklanish” nomzodining reytingi pastga sho‘ng‘ib boryapti. O‘zbekiston siyosiy sahnasida birinchi bo‘lib paydo bo‘lgan tajribali partiyamizga eski davrni qo‘msash aybini qo‘yishga uringanlar niyatiga erisholmay, endi “Adolat” SDPning siyosat maydonida tajribasizroq rahbari, partiya nomzodini debatga, ya’ni bahs-munozaraga chorlabdi. Bu maqtaniladigan xususiyat emas”, degandi u Qodirovga qarata yozilgan maqolasida.
Shuningdek, u Qodirov saylovga olib kirgan bahsli muhitni tinchitish tarafdori bo‘lgan. U saylovoldi kompaniyasida bir-birini ayblash emas, g‘oyaviy kurash olib borish muhimligi, saylovchiga asosan shu kerakligini aytib, Qodirovga dakki bergandi.
“Siyosiy raqobatda muqaddam kuzatilgan “sahna asarlari”ning hech kimga keragi yo‘q. O‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolardan xulosa chiqarishimiz shart. Saylovchiga amaliy dasturlar suv va havodek zarur. Shu sababli xalqimiz Prezident saylovini katta umidlar bilan kutayapti. Bugungi saylovchi kechagi saylovchi emas. Debatlar masalasi faol jamoatchilik tomonidan eng ko‘p so‘ralayotgan savollardan bo‘layotgan ekan, biz bu chaqiriqqa javob berishimiz kerak, deb o‘ylayman. Faqat siyosiy munozarada o‘zidan keyinroqdagi raqiblarga emas, oldiroqda turgan raqiblarga qarab intilgan ma’qul”, degan edi Vorisova saylovoldi jarayonlarini qizitib. Qodirovga bo‘lgan shunga o‘xshash e’tiroz nomzodlarning yana birida ham bor edi.
Bahrom Abduhalimov
2021 yilgi saylovda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod sifatida ko‘rsatilgan Bahrom Abduhalimov joriy yilgi o‘zining nomzodi qo‘yilmagan saylovda Shayxontohur tumanidagi 132-maktabda tashkil etilgan 405-saylov uchastkasida ovoz berdi.
2021 yilgi prezidentlik saylovida Abduhalimov 3,39 foiz bilan eng oxirgi o‘rinni egallagandi. Shunday esa-da, u saylovda yaxshigina raqobatga kirishgan va hatto raqibi Alisher Qodirovni ko‘chirmachilikda ayblagandi ham.
“Milliy tiklanish” DP raisi munosabat va murojaatlar bilan harchand chiqishlar qilmasin, “Adolat” SDPning mazkur siyosiy liderga nisbatan “ko‘chirmakash” degan tasavvurini sindira olmayapti. “Bu partiya o‘z qarashlariga va tanlagan yo‘liga egaligiga ishonishni xohlayapmiz, ammo vaziyat borgan sari teskari tomonga qarab ketmoqda”, degandi u kirish imtihonlarini osonlashtirib, 1–2 yil ichida zo‘rlar va zo‘rakilarni ajratib olishni va ularga davlat va biznes grantlarini taqdim etishni taklif etib chiqqan Qodirovga javoban.
U bu taklif “Adolat” SDPning g‘oyasi ekanini aytib, Qodirovni partiyaning boshqa g‘oyalarini o‘g‘irlashda ham ayblagandi.
“Saylovoldi dasturimda “Oliy ta’lim tizimiga reyting amaliyotini kiritamiz va yil yakunlari bo‘yicha eng yuqori reytingga ega bo‘lgan talabalarni grant asosida, reytingi past bo‘la turib grantda o‘qiydigan talabalarni kontrakt asosida o‘qish uchun ro‘yxatlarni qayta ko‘rib chiqish tartibini o‘rnatamiz”, deb ta’kidlab o‘tganman. (“Adolat” ijtimoiy-siyosiy gazetasi, 2021 yil, 10-sentyabr, 37-son. Nomzodning Qurultoydagi ma’ruzasi)”, degan u o‘z fikrini isbotlab.
Narzullo Oblomuradov
2021 yil 1 fevraldan 2022 yil 19 dekabrgacha O‘zbekiston Ekologik partiyasi yetakchisi bo‘lgan Narzullo Oblamurodov Toshkentning Yangi Choshtepa massividagi 303-maktabda otasi, onasi, turmush o‘rtog‘i va farzandi bilan ovoz berdi.
U 2021 yilgi prezidentlik saylovida o‘zining nomzodi ilgari surilganda ham oilasi bilan saylov uchastkasiga kelgan, birgalikda ovoz berish jarayonida qatnashgandi. O‘zbekistondagi eng yosh partiyadan nomzod sifatida ko‘rsatilgan Oblomurodov 2021 yilgi saylov yakunida 4,14 foiz ovoz bilan besh nafar nomzod ichida to‘rtinchi bo‘lgan.
QALAMPIR.UZ shu bilan tinchimadi. Biz 2016 yilgi prezidentlik saylovida nomzod sifatida ko‘rsatilganlarni ham ahtardik. Ayrimlarini topdik, ayrimlarini esa topishning umuman iloji bo‘lmadi. Mana, u kim – Hotamjon Ketmonov!
Hotamjon Ketmonov
2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyevga raqib sifatida ishtirok etgan, O‘zbekiston “Xalq” demokratik partiyasining 2016 yilgi sobiq nomzodi Hotamjon Ketmonov “yerda ham, ko‘kda ham” yo‘q. Tahririyat muxbirlarining ikki kun davomidagi Ketmonovni izlashga qaratilgan sa’y harakatlari besamar yakunlandi. Qachonlardir “Xalq” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi bo‘lgan Ketmonovning qayerdaligini bugun partiyaning axborot xizmatidagilar has bilmaydi. Chunki u 2019 yilda O‘zbekiston “Xalq” demokratik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdan tashqari XII Plenumida raislikni tark etishini e’lon qilgan edi. Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonov bunga sabab sifatida boshqa ishga o‘tganligini ko‘rsatgan.
Jami saylovchilarning 87,73 foizi, 17,94 million fuqaro ishtirok etgan 2016 yilgi saylovda Hotamjon Ketmonov 2,92 foiz ovoz to‘plagan edi.
Narimon Umarov
2016 yilgi prezidentlik saylovida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod sifatida ko‘rsatilgan, ammo mag‘lubiyatga uchragan Narimon Umarovning 2023 yilgi saylovda garchi tobi qochib qolgan bo‘lsa-da, prezidentlik uchun ovoz berishni uddalagan.
2016 yilgi saylovda Mirziyoyevga raqib sifatida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ishtirok etgan Umarov 3,46% lik ovoz bilan uchinchi bo‘lgandi.
Sarvar Otamurodov
“Milliy tiklanish”dan 2016 yilgi saylovda nomzodi qo‘yilgan, 2019 yilda esa Hotamjon Ketmonov bilan deyarli bir vaqtda partiya raisligidan ketgan Sarvar Otamurodov 2023 yilgi saylovda ovoz berish uchun Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 23-saylov uchastkasiga yetib kelgan.
QALAMPIR.UZ muxbiri uzoq paytdan beri siyosat maydonida ko‘rinish bermayotgan sobiq nozoddan intervyu olib, undan 2016 yilgi va joriy saylovning o‘rtasidagi farqni so‘radi. Shuningdek, u nega sobiq nomzodlar saylovdagi ishtirokidan so‘ng ko‘rinish bermasligi haqidagi savolga ham ochiqcha javob berdi. Sarvar Otamurodov 2016 yilgi prezidentlik saylovida 2,35 foiz ovoz bilan eng kam natijani qayd etgandi.
Xullas, shu davrga qadar bo‘lib o‘tgan saylovlar orasida aynan 2021 yilgi saylov kreativligi, raqobat muhiti, qiziqarliligi va nomzodlarning azaliy 3-4 foizlik chegarasini bosib o‘tgani bilan tarixda qoldi. Ko‘ramiz, joriy saylov nimasi bilan tarixga kirar ekan?
LiveBarchasi