Polshaga o‘tmoqchi bo‘lgan afg‘onistonlik muhojirlar ushlandi
Olam
−
14:58 1171 2 daqiqa
Polsha chegara xizmati Litva bilan chegarada o‘tkazilgan bir qator operatsiyalar davomida 8 nafar Afg‘oniston fuqarosini qo‘lga oldi. Bu haqda “Amu” xabar qildi.
Qayd etilishicha, chegaraning turli hududlarida jami 37 nafar muhojir aniqlanib, ularning kirishiga to‘sqinlik qilingan. Ularning barchasi tegishli hujjatlarsiz Polshaga kirishga uringanlikda ayblanmoqda.
Yana boshqa hududlarda o‘tkazilgan operatsiyalar davomida kichik guruhlar ham ushlangan. Ular orasida Afg‘oniston, Pokiston, Bangladesh va Jazoir fuqarolari borligi qayd etilgan. Chegara xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 8 nafar afg‘on fuqarosi ana shu guruhlar ichida bo‘lgan. Dastlabki tekshiruvlardan so‘ng barcha qo‘lga olinganlar Litva rasmiylariga qaytarilgan.
Polsha rasmiylari muhojirlarni tashishga yordam bergan deb gumon qilinayotgan haydovchilar va boshqa shaxslar ham hibsga olinganini, ular noqonuniy chegara kesib o‘tishni tashkil etish va yordam berish bo‘yicha ayblovlarga tortilishi mumkinligini bildirgan. Agar ular aybdor deb topilsa, 8 yilgacha qamoq bilan jazolanishi mumkin.
Polsha qonunchiligiga ko‘ra, noqonuniy kirishga uringan shaxslar odatda hibs markazlariga yuboriladi yoki ularning ishlari sudda ko‘rib chiqilgunga qadar qo‘riqlov ostida saqlanadi. Ular kamida 6 oylik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Sud jarayonlari va jazo muddati tugagach, muhojirlar odatda o‘z vataniga deportatsiya qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyaning Braknell shahrida afg‘onistonlik Abdul Vali Mamozay ismli sobiq harbiy o‘ldirib ketilgandi.
Live
Barchasi