Pokistonda jangarilar avtobusga hujum uyushtirib, 9 kishini o‘ldirdi
Olam
−
12 iyul 3115 1 daqiqa
Kecha, 11 iyul kuni Pokistonning Balujiston viloyatida fojiali hodisa yuz berdi. Noma’lum qurollangan shaxslar yo‘lovchi avtobusga hujum qilib, dastlab 9 kishini garovga olib ketdi, keyin esa ularni vahshiylarcha o‘ldirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa Kvettani Lahor bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Qurollangan shaxslar poytaxtdan Panjob viloyatiga yo‘l olayotgan avtobusni to‘xtatib, ayrim yo‘lovchilarni majburan olib chiqib ketgan va ularni o‘ldirgan.
Pokiston Ichki ishlar vaziri ushbu xunrezlikni keskin qoralab, bu voqeani terrorchilik harakati deb atagan. Rasmiylar ushbu hujum ortida baluj ayirmachilik harakatlari turganini ta’kidlamoqda va ularni Hindiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini da’vo qilmoqda.
Balujiston viloyati hukumatining vakili ma’lum qilishicha, terrorchilar garovga olingan yo‘lovchilarni chekka hududga olib borib, u yerda ularni otib o‘ldirgan va voqea joyidan yashiringan. Ayni paytda bu hujum uchun hech bir guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh Xayber-Paxtunxva viloyatida noma’lum shaxs harbiy kolonnaga hujum qilishi oqibatida 16 kishi halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi