Pokistonda maktab tomi qulashidan 14 nafar bola halok bo‘ldi

Olam

image

Pokistonning sharqiy qismida joylashgan Lahor shahrida xususiy o‘quv markazi tomining qulashi oqibatida 14 nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda Panjob viloyati favqulodda xizmatlari xabar qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qutqaruvchilar vayronalar orasidan 5 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda 30 yoshli ayol o‘qituvchining jasadlarini olib chiqqan. Halok bo‘lgan bolalarning aksariyati 9 yoshdan kichik bo‘lgan.

Panjob viloyati Axborot vaziri Azma Boxarining aytishicha, dastlabki tekshiruvlar o‘quv markazi rasman ro‘yxatdan o‘tmaganini va xususiy turar joy binosida, eskirib qolgan tom ostida faoliyat yuritganini ko‘rsatgan. Qayd etilishicha, Pokistonda maktabdan tashqari qo‘shimcha dars mashg‘ulotlari o‘tkazuvchi xususiy o‘quv markazlari keng tarqalgan.

“Agar beparvolik, ehtiyotsizlik yoki qonunbuzarlik aniqlansa, aybdorlarga nisbatan qat’iy huquqiy choralar ko‘riladi”, degan Azma Boxari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Panjob hukumati musson mavsumi oldidan xavfli binolarni to‘liq ko‘zdan kechirish, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tmagan o‘quv markazlari va xususiy ta’lim muassasalari faoliyatiga nisbatan qat’iyroq talablarni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardariy halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, bunday fojialarning takrorlanmasligi uchun ta’lim muassasalarida xavfsizlik choralarini kuchaytirishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston nazoratidagi Kashmirda ikki haftaga yaqin davom etgan namoyishlar oqibatida kamida 24 kishi halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing