Peru sobiq prezidenti 14 yilga qamaldi
Olam
−
27 noyabr 1064 2 daqiqa
Kecha, 26 noyabr kuni Peru sudi mamlakat sobiq prezidenti Martin Viskarrani pora olishda aybdor deb topdi. Sud unga 14 yillik qamoq jazosi tayinladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Viskarra 2011 yildan 2014 yilgacha janubiy Mokegua provinsiyasi gubernatori lavozimida ishlagan. Shu davrda u jamoat ishlari bo‘yicha shartnomalar evaziga qurilish firmalaridan 676 ming dollarga teng miqdorda pora olgan.
Unga qarshi sud ishi esa 2024 yilning oktyabr oyida boshlangan, Viskarra o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, siyosiy ta’qiblar qurboni bo‘lganini aytgan. U 2018 yilda avvalgi prezident iste’foga chiqqach hokimiyatga kelgan, biroq ikki yil o‘tib korrupsiya bo‘yicha tergovlar fonida Kongress tomonidan lavozimidan chetlatilgan.
“Bu adolat emas, bu qasos. Ammo ular meni sindirolmaydi”, deydi Viskarra hukm chiqarilgandan keyin.
Unga 9 yil davomida davlat lavozimlarida ishlash ham taqiqlangan. Viskarraning yuridik jamoasi hukm ustidan apellyatsiya berganini ma’lum qilgan.
Siyosatchining akasi Mario Viskarra 2026 yil aprel oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida “Peru First” partiyasidan nomzod bo‘lishni rejalashtirmoqda. Bu partiyada sobiq prezident asosiy maslahatchi sifatida faoliyat yuritgan.
“Javob saylov uchastkasida. Bu kurashni akam Mario Viskarra davom ettiradi”, deydi sobiq yetakchi.
2021 yilgi saylovlarda markaziy so‘l siyosatchi sifatida qatnashgan Viskarra Kongress nomzodlari orasida eng ko‘p ovoz to‘plagan. Biroq u 2019 yilda parlamentni tarqatib yuborgani uchun 10 yilga davlat lavozimlaridan mahrum qilingan.
Uning sudlanishi “Lava Jato” mojarosini tekshirayotgan prokuratura uchun navbatdagi muhim g‘alaba bo‘lgan. Mazkur mojaro Braziliyaning “Odebrecht” (hozirgi nomi – Novonor) kompaniyasi ishtirokidagi yirik pora sxemasi bilan bog‘liq bo‘lib, Lotin Amerikasidagi ko‘plab siyosiy yetakchilarni qamrab olgan.
“Peru 2018 yildan beri korrupsiya mojarolari tufayli impichmentlar va iste’folar natijasida olti prezidentni almashtirgan holda, siyosiy beqarorlik girdobida qolmoqda. Viskarra uch nafar sobiq prezident saqlanayotgan Lima qamoqxonasiga olib ketilishi kutilmoqda. Alexandro Toledo va Ollanta Humala korrupsiya uchun jazoni o‘tayapti, Pedro Kastilyo esa isyonchilikda ayblanib hibsda saqlanmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliyaning 27 yilga qamalgan sobiq prezidenti hibsga olingandi.
Live
Barchasi