Ostonada ilk bor uchar taksi sinovdan o‘tkazildi (video)

Texnologiya

image

Bugun, 24 iyul kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonada ilk bor vertikal uchish va qo‘nish imkoniyatiga ega (eVTOL) elektr havo kemasi bazasida yo‘lovchi aerotaksisining namoyish parvozi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.

Qayd etilishicha, sinov parvozi “Kelajak o‘yinlari” dasturi doirasida “Qazanat” ippodromi hududida bo‘lib o‘tgan. Namoyish uchun bir nafar pilot va besh nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan AutoFlight Prosperity elektr havo kemasidan foydalanilgan. Qurilma soatiga 200 kilometrgacha tezlikni rivojlantirish va bir martalik quvvat bilan 200 kilometrgacha masofani bosib o‘tish imkoniyatiga ega.

Tadbir tashkilotchilari sifatida Qozog‘istonning “Alatau Advance Air Group” Ltd. (AAAG) kompaniyasi Xitoyning AutoFlight kompaniyasi bilan hamkorlikda chiqqan.

AAAG boshqaruv raisi Sergey Xegayning so‘zlariga ko‘ra, bundan bir necha yil oldin kichik balandliklar iqtisodiyoti olis kelajak texnologiyasi sifatida qabul qilingan. Uning ta’kidlashicha, bir yarim yil ichida loyiha jahon tajribasini o‘rganishdan tortib, infratuzilmani yaratish va namoyish parvozlarini o‘tkazishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.

Kompaniya rahbarining bildirishicha, shahar havo harakatchanligini (mobilligini) rivojlantirish raqamli infratuzilma, havo harakatini boshqarish tizimi, vertiportlar, me’yoriy-huquqiy baza va mutaxassislarni tayyorlashni talab qiladi.

“Bu havo harakatchanligi operatorlari, raqamli platformalar, texnik xizmat ko‘rsatish, havo kemalarini yig‘ish, butlovchi qismlarni ishlab chiqarish, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish hamda yangi injenerlar, pilotlar va operatorlarni tayyorlashni birlashtiradigan yangi yuqori texnologik industriyadir”, deydi Sergey Xegay.

U loyihaning asosiy maqsadi kelajak avlodlar uchun yangi texnologik tarmoqni yaratish ekanini qo‘shimcha qilgan.

“Biz ushbu industriyani farzandlarimiz uchun yaratmoqdamiz. Ular uchun havo harakatchanligi, xuddi bizning avlodimiz uchun avtomobil kundalik odatga aylanganidek, hayotning tabiiy bir qismiga aylanishi mumkin. U bilan birga yangi kasblar, muhandislik maktablari, texnologik kompaniyalar hamda Qozog‘istonda o‘z bilim va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlari paydo bo‘ladi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 may kuni Olmaota yaqinidagi Olatau shahrida shahar havo mobilligining yangi davrini boshlab beruvchi aerotaksi eVTOL’ning ilk sinov parvozi bo‘lib o‘tgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing