Orban YeIdan Rossiya bilan bevosita muzokara boshlashni talab qildi – OAV

Olam

image

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqini Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Rossiya bilan bevosita muzokaralar olib borishga chaqirdi. Shuningdek, u Ukraina masalasida Yevroittifoqqa a’zo 27 davlat o‘rtasida yagona fikrga kelish harakatlariga qarshi ekanini bildirdi. Bu haqda Orban tomonidan Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshtaga yuborilgan xatga tayanib, “Financial Times” xabar berdi. 

“Ukrainaga nisbatan yondashuvimizda strategik kelishmovchiliklar mavjudligi aniq bo‘ldi. Bularni qonun loyihalari yoki diplomatik muloqot yo‘li bilan bartaraf etishning iloji yo‘q”, deb yozgan Vengriya Bosh vaziri o‘z maktubida.

Nashrning xabar berishicha, kecha, 28 fevral kuni Bryusselda Yevroittifoq davlatlari elchilari ishtirokida o‘tkazilgan muzokaralarda Vengriyaning YeIdagi elchisi ham xuddi shu pozitsiyani bildirgan.

Orban o‘z maktubida o‘tgan hafta BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan AQSH va Rossiyaning qo‘llab-quvvatlashi bilan qabul qilingan yangi rezolyutsiyaga tayanadi. O‘shanda Yevropa poytaxtlari ovoz berishda betaraf qolgandi. Ushbu hujjatda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bevosita tilga olinmagan, biroq u zudlik bilan mojaroni tugatishga chaqiradi.

“BMT rezolyutsiyasi mojarolar tarixida yangi bosqichni boshlab berdi va Yevropa Kengashi ilgari kelishib olgan barcha ifodalarni eskirgan holga keltirdi”, deya ta’kidlagan Viktor Orban o‘z xatida.

Orbanning xati 6 mart kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeI yetakchilari sammiti arafasida yuborilgan. Mazkur yig‘ilishda Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordam ko‘rsatish va Yevropa davlatlarining mudofaa xarajatlarini oshirish masalalari muhokama qilinadi. Bu masala AQSH Prezidenti Donald Tramp Yevropa ittifoqchilari o‘z xavfsizligi uchun ko‘proq mas’uliyatni zimmasiga olishi, Amerika harbiy qudratiga ortiqcha tayanmasligi kerakligini bildirganidan keyin ayniqsa dolzarb tus oldi.

Bundan tashqari, 2 mart kuni Londonda yana bir uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Unda o‘ndan ortiq Yevropa davlatlari yetakchilari Ukrainadagi urushni yakunlash va Yevropa xavfsizligi masalalarini muhokama qilish uchun yig‘iladi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ikkala sammitga ham taklif etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Viktor Orban milliy parlamentning bahorgi sessiyasi ochilishida Ukraina Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti (NATO) a’zosi bo‘lmasligini, u alyans va Rossiya o‘rtasidagi bufer zona bo‘lib qolishini va bu AQSHda respublikachi Donald Tramp hokimiyatga qaytganidan keyin ma’lum bo‘lganini aytgan edi. uningdek, u tinchlik shartnomasi Vengriya va NATOga a’zo davlatlar xavfsizligini kafolatlashi va yana bufer hududga aylanadigan Ukraina maqomi ham shunga yarasha hal etilishi kerakligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ittifoqi Ukraina Viktor Orban

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing